Sudanda vaziyat jiddiy. Harbiy harakatlar yana avj oldi

Olam

image

Sudan poytaxti Xartum markazida otishma va portlashlar sodir bo‘lmoqda. Shahar uzra armiyaga tegishli bo‘lgan qiruvchi samolyotlar uchib o‘tmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

Sudan armiyasi va harbiylashtirilgan tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari mamlakatning boshqa muhim ob’ektlarini nazorat qilish uchun kurashmoqda. To‘qnashuv oqibatida Xartumda 50 dan ortiq shaxs halok bo‘lgan. Sudan bo‘ylab to‘qnashuvlarda jami 56 kishi qurbon bo‘lgan va 595 kishi yaralangan.

“Poytaxtning ko‘plab aholi turar joylarida ham harbiy amaliyotlar bo‘lib o‘tmoqda, odamlar o‘zlariga boshpana topishga majbur qolmoqda”, deyiladi xabarda.

Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar (RSF) jangarilari mamlakatdagi kamida uchta aeroportni, shuningdek, qator harbiy ob’ektlar va Prezident saroyini egallab olganini aytishgan.

Biroq Sudan Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Abdel Fattoh al-Burxonning ta’kidlashicha, RSF'ning Prezident saroyi, poytaxt aeroporti va qurolli kuchlar shtab-kvartirasini nazorat qilayotgani haqidagi bayonotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. General Burxon “Al Jazeera” nashri bilan suhbatda harbiylar vaziyatni to‘liq nazorat qilayotganini aytgan.

Sudan poytaxti Xartumdagi ko‘plab yo‘llar va ko‘priklar to‘sib qo‘yilgan, aeroport ham urush hududiga aylangan, u yerga parvozlar to‘xtatilgan. Ukraina ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, harbiy harakatlar oqibatida Ukrainaning SkyUp aviakompaniyasining Boeing 737 samolyoti aeroportda yonib ketgan.

SkyUp kompaniyasi matbuot xizmati o‘zining Facebook’dagi sahifasida hozirda samolyotning holati va ehtimoliy zararni aniqlashning iloji yo‘qligini ma’lum qilgan.

“Mamlakatda bo‘lgan 36 nafar xodim hozir nisbatan xavfsiz joyda qolmoqda, ular bilan aloqa mavjud”, deya xabar beradi SkyUp kompaniyasi.

Sudanning Omdurman shahrida BBC arab muxbiri Usmon ham Xartumdagi tahririyatga kelayotganda mashinasini harbiylar to‘xtatib, mahaliy armiya shtabiga olib kelgan va u yerda muxbir kaltaklangan.

“Biz zo‘ravonlikni zudlik bilan to‘xtatishga va mojaroning yanada kuchayishiga yoki qo‘shinlar safarbar etilishiga yo‘l qo‘ymaslikka hamda yuzaga kelgan muammolarni hal qilish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga chaqiramiz”, deydi AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken.

Birlashgan Arab Amirliklarining Xartumdagi elchixonasi mojaro qanday kechayotganini katta tashvish bilan kuzatayotganini qayd etib, muammoni tinch yo‘l bilan hal qilish va yangi hukumatni shakllantirishda milliy konsensus (kelishuv)ga erishish zarurligini yana bir bor eslatib o‘tgan.

Shuningdek, AQSHning Xartumdagi elchisi Jon Godfri o‘q ovozlaridan uyg‘onganini va hozirda xuddi Xartumdagi va boshqa joylardagi sudanliklar kabi elchixonada boshqa diplomatlar bilan yashirinib yurganini aytgan.

“Men zudlik bilan yuqori martabali harbiy rahbarlarni ushbu harakatlarni to‘xtatishga chaqiraman”, deb yozadi Jon Godfri.

Possiya axborot agentliklari xabariga ko‘ra, Xartumdagi Rossiya elchixonasi ham zo‘ravonlik avj olganidan xavotir bildirib, o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, harbiylar 2021 yilda Sudanda hokimiyatni qo‘lga kiritgan va hozirgacha uni ushlab turishda davom etmoqda. Ular hokimiyatni fuqarolik hukumatiga topshirish istagini e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kecha, 15 aprel kuni avj olgan to‘qnashuvlar 2021 yilgi harbiy to‘ntarishdan keyin boshlangan siyosiy inqirozning davomi ekani aytilmoqda. Tezkor harakat kuchlari va armiya ikki yildan beri o‘tish davri hukumatini shakllantirish bo‘yicha kelisha olmagan turli siyosiy guruhlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Suveren kengashga (mamlakat boshqaruv organi) ham rahbarlik qilayotgan armiya qo‘mondoni Abdulfattoh al-Burxon va uning kengashdagi o‘rinbosari maxsus kuchlar qo‘mondoni Muhammad Hamdan Dagalo o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli Sudanda vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Shohjahon Majitov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Sudan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing