SSSR “merosi”: Markaziy Osiyo uran chiqindilaridan tozalanadi
Olam
−
12 yanvar 7540 2 daqiqa
Xalqaro atom energetikasi agentligi (MAGATE) O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan uran chiqindilari bor hududlarni 2030 yilgacha tozalash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish maqsadida yangi strategik bosh reja e’lon qildi. Bu haqda “World Nuclear News” xabar berdi.
Markaziy Osiyo sobiq sovet ittifoqi davrida uran manbai bo‘lgan va 50 yildan ortiq davomida qazib olingan, shuningdek, uran rudasi boshqa mamlakatlardan qayta ishlash uchun import qilingan. Oqibatda katta miqdordagi radioaktiv ifloslangan material qazib olish ashyolari va og‘ir metall chiqindilar joylarida saqlanib qolgan. Ko‘pchilik konlar 1995 yilgacha yopilgan, lekin konlarni yopishdan oldin yoki keyin deyarli hech qanday tozalash ishlari amalga oshirilmagan. Ifloslangan material atrof-muhit va aholining salomatligi uchun tahdid solishi mumkin. Tahdidlar orasida mintaqadagi muhim qishloq xo‘jaligi markazlarida yerosti va yerusti suvlarining ifloslanishi ehtimoli mavjud.
Qayd etilishicha, uran mavjud hududlar bo‘yicha MAGATE koordinatsiya guruhi (CGULS) mamlakatlarga ushbu hududlarni va radioaktiv hamda zaharli chiqindilarni xavfsiz boshqarish bo‘yicha yordam beradi. 2012 yildan buyon CGULS Markaziy Osiyo mamlakatlariga tozalash strategiyalari bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda.
2017 yilda MAGATE, Yevropa Komissiyasi, Yevropa qayta qurish va taraqqiyot banki (EBRD), Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Iqtisodiy kengashi hamda Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari tomonidan Markaziy Osiyodagi uran “merosi”ga oid hududlarni ekologik tozalash bo‘yicha strategik bosh reja qabul qilingan. Ushbu reja hududlarni xavfsiz va barqaror tozalash strategiyasini hamda amaliy mexanizmlarni belgilaydi.
2018 yil may oyida chop etilgan rejada Markaziy Osiyodagi yetti sobiq uran ishlab chiqarish hududi eng ustuvor sifatida aniqlangan:
Qirg‘izistonda: Moylisuv, Ming-Qush, Shekaftar;
Tojikistonda: Degmay, Istiqlol;
O‘zbekistonda: Chorkesar, Yangiobod.
Yetti hududni tozalashning umumiy qiymati taxminan 99 mln dollar deb baholangan. 2021 yilning sentyabrida qayta ko‘rib chiqilgan Strategik bosh reja imzolangan. So‘nggi Strategik bosh reja 2025 yil oktyabr oyida Toshkentda taqdim etilgan va MAGATE, xalqaro tashkilotlar va hamkor mamlakatlarning kelajakdagi faoliyatini yo‘naltiradi.
Yangi Strategik bosh reja bo‘yicha ERA tozalash dasturining umumiy qiymati 125 million dollarga baholangan. bu summaga tozalash xarajatlari, loyiha boshqaruv xizmatlari, ehtiyot choralar va boshqa dastur xarajatlari kiradi.
2017 yildan hozirga qadar yetti ustuvor hududning 4 hududi tozalangan – Qirg‘iziston va O‘zbekistondagi ikki hudud. Beshinchi hudud Qirg‘izistonda, eng katta va murakkab hududlardan biri bo‘lib, tozalash ishlari 2032 yilgacha davom etishi kutilmoqda. Tojikistonda bir hudud qisman tozalangan, yana biri esa ish boshlash bosqichida.
Live
Barchasi