SpaceX kosmosda qolib ketgan astronavtlarni qaytarish uchun raketa uchirdi
Texnologiya
−
15 mart
2861Kecha, 14 mart kuni SpaceX va NASA Xalqaro Kosmik Stansiyada (XKS) to‘qqiz oy davomida qolib ketgan astronavtlarni Yerga qaytarish uchun raketa uchirdi. Bu haqda SpaceX o‘zining X sahifasida xabar berdi.
Qayd etilishicha, mahalliy vaqt bilan soat 19:03 da Kennedi kosmik markazidan Falcon 9 raketasi Crew Dragon kemasi bilan uchirilgan. U 4 kishilik ekipajni XKSga yetkazish uchun yo‘lga chiqqan. Biroq missiyaning asosiy maqsadi yangi ekipajni XKSga yetkazish emas, balki NASA astronavtlari Butch Uilmor va Suni Uilyamsning Yerga qaytishini ta’minlashdir.
Ular 2024 yil iyun oyida Boeing Starliner kosmik kemasida sinov parvozini amalga oshirish uchun jo‘nab ketgan edi. Ammo kemaning dvigatel tizimidagi muammolar tufayli ularni orqaga qaytarish xavfli deb topilgan va natijada kema bo‘sh holda Yerga qaytarilgan. Shu sababli Uilmor va Uilyams rejalashtirilgan o‘n kunlik missiya o‘rniga to‘qqiz oy davomida XKSda qolib ketdi.
Bu rekord darajadagi uzoq muddatli fazo safari emas. Masalan, NASA astronavti Frenk Rubio 2023 yilda XKSda 371 kun o‘tkazgan, rossiyalik kosmonavt Valeriy Polyakov esa “Mir” stansiyasida 437 kun qolgan edi. Ammo Uilmor va Uilyams uchun bu rejalashtirilmagan uzoq missiya bo‘ldi. Ular yetarlicha kiyim-kechak va shaxsiy buyumlar olib kelmaganligi sababli qo‘shimcha resurslar yetkazib berilgan.
Ushbu kutilmagan kechikish siyosiy bahslarga ham sabab bo‘ldi. AQSH Prezidenti Donald Tramp va uning maslahatchisi, SpaceX rahbari Ilon Mask sobiq prezident Jo Bayden astronavtlarni “atayin tashlab ketgan” deb da’vo qildi. Ushbu ayblov kosmik hamjamiyatda keskin norozilikni keltirib chiqardi, chunki Mask hech qanday aniq dalillar keltirmadi.
NASA esa ularni qaytarish rejasining doimiy mavjud bo‘lganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq SpaceX kompaniyasi AQSH va Yaponiyadagi xususiy kompaniyalar tomonidan qurilgan ikkita Oy moduli bilan Falcon 9 raketacini uchirgan edi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

