Sobiq prezidentning qizi yigitlarni Ukrainadagi urushga yollashda ayblanmoqda
Olam
−
21 noyabr 11129 1 daqiqa
Janubiy Afrikaning sobiq prezidenti Jeykob Zumaning qizi, parlament a’zosi Duduzile Zuma, Rossiya safida Ukrainaga qarshi jang qilayotgan qo‘shinlarga Janubiy Afrika va Botsvanadan erkaklarni yollashda ishtirok etganlikda ayblanmoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, taxminan 20 nafar yigit joriy yilning iyul oyida Rossiyaga yuborilgan. Ularga: “Tansoqchilikka tayyorlanasiz”, deb va’da berilgan, biroq ular rus tilida tuzilgan shartnomalarni imzolagach, front chizig‘iga jo‘natilgan.
Zuma ularni frontga yuborilmaslikka ishontirgan bo‘lsa-da, Rossiyaga jo‘natilgan yigitlar oilalariga, telefon va bank kartalari olib qo‘yilgani va ular urush zonasiga olib ketilayotganini xabar bergan. Avgust oyidan beri ular oilalari bilan aloqa qilmagan.
Janubiy Afrika hukumati Donbassda 17 nafar fuqarosi borligini tasdiqladi va ularning qaytarilishini talab qildi. Prezident Siril Ramafosa ularning qanday yollangani bo‘yicha tergov boshlashni buyurdi. Afrika qonunchiligiga ko‘ra, xorijda yollanma askar bo‘lib xizmat qilish jinoyat hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya endi urushga borgan migrantlarni deportatsiya qilishni to‘xtatmoqchiligi haqida xabar qilingandi. Moskvada chet elliklarni o‘z mamlakatlarida javobgarlikka tortilishdan himoya qiluvchi uchta qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda.
Komila Qobilova
Live
Barchasi