Sinner Jokovichning Masters rekordini yangiladi
Sport
−
12 may 509 1 daqiqa
Dunyoning birinchi raketkasi Sinner bir kalendar yilidagi dastlabki 5 ta Masters turnirida ketma-ket 25 ta uchrashuvda g‘alaba qozongan tarixdagi ilk tennischiga aylandi. Bu borada Sinner Jokovichning rekordini yangiladi.
Kecha, 11 may kuni Yannik Sinner Rimda davom etayotgan ATP Masters turnirining to‘rtinchi bosqichiga yo‘l oldi. Dunyoning birinchi raketkasi hisoblangan italiyalik tennischi uchinchi bosqichda avstraliyalik Aleksey Popirinni 6:2, 6:0 hisobida mag‘lub etdi.
24 yoshli Sinner endi 1/8 finalda ATP reytingida 155-o‘rinni egallab turgan italiyalik Andrea Pellegrinoga qarshi kortga chiqadi.
Sinner bu mavsumda Indian-Uells, Mayami, Monte-Karlo va Madriddagi Masters turnirlarida chempionlikni qo‘lga kiritgandi.
Avvalgi rekord Novak Jokovichga tegishli bo‘lib, serbiyalik tennischi 2011 va 2015 yillarda ketma-ket 24 ta Masters uchrashuvida g‘alaba qozongan.
Shuningdek, Sinner Masters turnirlarida ketma-ket 30 ta g‘alabaga erishdi. Bu boradagi rekord hamon Jokovichga tegishli bo‘lib, u 31 ta ketma-ket g‘alaba qayd etgan.
Bundan tashqari, italiyalik tennischi ketma-ket 5 ta Masters turnirida chempion bo‘lgan ilk tennischiga aylandi. U 2025 yilda Parij Masters musobaqasida ham bosh sovrinni qo‘lga kiritgan edi.
Ma’lumot uchun, Rimdagi ATP Masters turnirining umumiy mukofot jamg‘armasi 8,235 million yevroni tashkil etadi. Musobaqa joriy yilning 17 may kuni yakunlanadi.
Live
Barchasi