Shoygu urushga safarbar qilinganlardan qanday foydalanishini aytdi
Olam
−
04 Oktabr 2022
10526Qisman safarbarlik doirasida chaqirilgan harbiy xizmatchilar tajribali bo‘linmalar bilan birga Ukrainadagi “maxsus operatsiya” zonasiga joylashtiriladi. Yangi jangchilardan foydalanishning bunday tamoyilini bugun, 4 oktyabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi rahbari Sergey Shoygu ma’lum qildi, deb yozadi TASS.
“Ushbu bo‘linmalardan foydalanish faqat “maxsus harbiy” operatsiyada ishtirok etayotgan bo‘linmalar bilan birgalikda rejalashtirilishi kerak”, deydi vazir yig‘ilish chog‘ida.
Unga ko‘ra, safarbar qilinganlar jangovar tayyorgarlik va jangovar muvofiqlashtirishdan o‘tgandan keyingina jangovar hududlarga jo‘natiladi. Shu bilan birga jangchilarni tayyorlashga jangovar tajribaga ega ofitserlar jalb qilinadi, ular chaqiriluvchilar uchun qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Harbiy okruglar va Shimoliy flot qo‘mondonlari tomonidan tegishli buyruqlar chiqarilgan.
Avvalroq Shoygu qisman safarbarlik doirasida Rossiya Qurolli kuchlariga 200 mingdan ortiq odam yetib kelganini ham aytgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatda qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, 300 ming kishi, birinchi navbatda, jangovar tajribaga ega va qo‘shinlar uchun zarur bo‘lgan harbiy ro‘yxatga olish ixtisosligi bo‘yicha safarbar qilinadi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15