Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon OAV uchun bayonot berdi

Jamiyat

image

Bugun, 26 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon Ko‘ksaroy qarorgohida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi yakunlari yuzasidan fikrlari bilan bo‘lishdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, O‘zbekiston yetakchisi birodar Tojikistonning barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, investitsiyalarni jalb qilish, inflyatsiyani jilovlash va aholining real daromadlarini oshirish borasida erishayotgan yuksak natijalaridan chin dildan mamnun ekanini ta’kidlagan. 

“Tojikiston O‘zbekiston uchun ishonchli strategik sherik va ittifoqchidir. Mamlakatlarimiz maqsadlari, qarash va intilishlari mushtarak ekani, ikki tomonlama munosabatlar siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, parlamentlar va hukumatlar, hududlar rahbarlari va ziyolilar darajasida muntazam uchrashuvlar o‘tkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb bir milliard dollarga yetgan. Sanoat kooperatsiyasi jadal rivojlanmoqda. Hozirda O‘zbekistonda 500 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.

Transport sohasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. Poytaxtlar o‘rtasida haftasiga o‘nta aviareys amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti bugungi sammitga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilganini ma’lum qilgan.

Hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari, hududlar, rektorlar, olimlar, yoshlar, tahlil markazlarining forumlari, Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari, boshqa bir qator muhim tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.

Bugun bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar hamda Davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi davomida masalalarning keng doirasi muhokama qilingan, ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va maqsadlari belgilab olingan.

Barcha darajalarda faol aloqalarni davom ettirish, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, Maslahat uchrashuvlari va “Markaziy Osiyo plyus” formatlari doirasida muloqotni mustahkamlash muhimligi ta’kidlangan.

Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish zarurligi qayd etilgan. Ikki mamlakat hukumatlariga alohida dastur asosida tovar ayirboshlashni ikki milliard dollarga yetkazish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish topshirilgan.

Shu maqsadda “Oybek – Fotihobod” savdo zonasini tashkil etish tezlashtiriladi, energetika, geologiya, metallurgiya, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va boshqa sohalarda ikki milliard dollarlik tashabbuslarni o‘z ichiga olgan Kooperatsiya dasturi amalga oshiriladi.

Tomonlar ushbu loyihalarni ilgari surish uchun Qo‘shma investitsiya kompaniyasining salohiyatidan faol foydalanishga kelishib olgan.

Transport va tranzit sohasiga alohida e’tibor qaratilgan. Yuk tashishda elektron ruxsatnoma berish tizimini joriy etish to‘g‘risida bitim imzolangan, shuningdek, havo va temir yo‘l transporti qatnovlarini kengaytirish hamda chegara o‘tkazish punktlarining quvvatini oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Ushbu o‘zaro muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarning asosiy maqsadi – biznes va fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish drayveri sifatida hududlar salohiyatini ishga solish.

Suv va energetika sohalaridagi hamkorlik ikki mamlakat aloqalarining muhim yo‘nalishi hisoblanadi.

“Yashil” energetika sohasida yirik loyihalarni birgalikda ilgari surish hamda suv taqsimoti, suv inshootlarini avtomatlashtirish va raqamlashtirish masalalarini muvofiqlashtirishga tayyorlik tasdiqlangan.

Madaniy-gumanitar aloqalar xalqlar o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik ko‘prigi bo‘lib qolmoqda. Hamkorlik doirasida Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy do‘stligi haqida film tayyorlangan, Yangi Toshkentdagi ko‘chalardan biriga esa Dushanbe shahri nomi berilgan.

Yillik taqvim asosida ta’lim, turizm va yoshlar yo‘nalishlarida faol almashinuvlarni davom ettirish niyati bildirilgan.

Ikki mamlakatdagi yirik o‘zbek va tojik diasporalarini qo‘llab-quvvatlash, madaniy markazlarni keng rivojlantirish, ona tili, an’ana va urf-odatlarni asrab-avaylash maqsadida Madaniy-gumanitar sohada hamkorlik bo‘yicha kompleks dastur tayyorlanadi.

Yakunda ushbu tarixiy tashrif natijalari ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlab, birodar mamlakatlar barqaror rivojlanishi va ravnaqiga har tomonlama xizmat qilishi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Imomali Rahmon davlat tashrifi bilan Toshkentga yetib kelgandi. Toshkent xalqaro aeroportida oliy mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Shuningdek, Ko‘ksaroy qarorgohida Imomali Rahmonni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Keyinroq esa Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon tor doirada muzokara va Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Shuningdek, ikki davlat yetakchilari yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. O‘zbekiston – Tojikiston Oliy davlatlararo kengashining birinchi yig‘ilishidan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash va almashish marosimi bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Imomali Rahmon bayonot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing