Shavkat Mirziyoyev Pokiston armiyasi Oliy Bosh qo‘mondoni bilan uchrashdi
Jamiyat
−
17:39 1146 2 daqiqa
Bugun, 5 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islomobod shahriga borgach, “Global sanoat va mudofaa yechimlari” kompaniyasining bosh qarorgohiga tashrif buyurib, Mudofaa kuchlari Oliy Bosh qo‘mondoni – Qurolli kuchlarning quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni, feldmarshal Asim Munir bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning asosiy jihatlari muhokama qilingan.

Harbiy va harbiy-texnik sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, bugungi kunda xavfsizlikka tahdid solayotgan xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Ikki mamlakatning yetakchi mudofaa sanoati korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini faollashtirish, harbiy mutaxassislarni tayyorlash dasturlarini kengaytirish, tajriba almashish va qo‘shma o‘quv tadbirlarini o‘tkazish muhimligi ta’kidlangan.

Transport va logistika sohasida istiqbolli infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish masalalari ham kun tartibida bo‘lgan.
Harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishilgan.

O‘zbekiston Prezidenti uchrashuv yakunida “Global sanoat va mudofaa yechimlari” kompaniyasining ishlanmalari, jumladan, Pokistonning zamonaviy harbiy texnikasi va qurol-yarog‘ namunalari bilan tanishgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Pokiston Harbiy-havo kuchlarining qiruvchi samolyotlari hamrohlida ushbu mamlakatga borgani haqida xabar berilgan edi. “Nurxon” aeroportida O‘zbekiston rahbarini Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy, Bosh vazir Shahboz Sharif va boshqa rasmiy shaxslar kutib olgan.
Live
Barchasi