Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyoning toza havosi” konsorsiumini ta’sis etishni taklif qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini ta’sis etishni taklif qildi. Bu haqda u bugun, 22 aprel kuni Ostonada o‘tayotgan Mintaqaviy ekologik sammitdagi nutqida so‘z ochdi.

O‘zbekiston Prezidenti mazkur nutqi davomida 8 ta aniq taklifni ilgari surgan.

Birinchi. Atmosfera havosining sifati yomonlashayotgan sharoitda “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini ta’sis etish. Shavkat Mirziyoyev bu mintaqa aholisi salomatligini himoya qilishda muhim qadam bo‘ladi deb hisoblashini bildirgan. Konsorsium sanoatni modernizatsiya qilib, havoga chiqarilayotgan zararli moddalar uchun tozalash tizimlarini joriy etadigan “yashil” moliyalashtirishning qo‘shma operatoriga aylanishi mumkin.

Ikkinchi. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi Yashil universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Cho‘llanishga qarshi kurashish, qurg‘oqchilikning oldini olish hamda qum va chang bo‘ronlari haqida barvaqt ogohlantirish markaziga mintaqaviy maqom berishni taklif etgan. Markaz bazasida ilmiy salohiyatni birlashtirish yerlarning degradatsiyasi hamda tuz va changli bo‘ronlarni monitoring qilish bo‘yicha kuchli tizimni yaratish imkonini beradi.

Uchinchi. Texnologik o‘tish jarayonlarini tezlashtirish uchun “Markaziy Osiyo yashil savdo yo‘lagi”ni shakllantirish taklif etilgan. Imtiyozli bojxona tartiblarini joriy etish va ekomahsulotlar uchun sertifikatlarni o‘zaro tan olish ishlab chiqarishni jadal modernizatsiya qilish va mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.

To‘rtinchi. Markaziy Osiyo iqlim loyihalarining yagona investitsiya portfelini yaratish keyingi qadam bo‘lishi kerak. Bu tarqoq tashabbuslar bilan emas, balki mintaqani rivojlantirish bo‘yicha yaxlit strategiya bilan harakat qilish imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, uni amalga oshirish uchun sheriklarimizda qiziqishni kuchaytiradi.

Beshinchi. Markaziy Osiyo atrof-muhitidagi o‘zgarishlarning yagona mintaqaviy atlasini yaratish ham mintaqa kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega. Bu atlas mintaqadagi cho‘llanish, tuproq degradatsiyasi jarayonlari va suv resurslari holati dinamikasini yaqqol ifoda etadigan fundamental ilmiy-tahliliy bazaga aylanadi.

Oltinchi. Shavkat Mirziyoyev biologik xilma-xillikni saqlash uchun “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ni birgalikda ishlab chiqishni taklif etgan. Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Toshkentdagi mintaqaviy ofisi bu ishda muvofiqlashtiruvchi bo‘lishi mumkin. Mintaqa “Qizil kitob”i yo‘qolib borayotgan turlarning shunchaki ro‘yxatidan iborat bo‘lib qolmasdan, sohada hamkorlikdagi ishimiz uchun amaliy platformaga aylanishi lozim.

Yettinchi. Iqlim kun tartibi va ekologik madaniyatni ilgari surish uchun ekologik ta’lim va yoshlarni faol jalb etish juda muhim. Shu maqsadda Bakuda bo‘lib o‘tgan COP-29 anjumani davomida mamlakatlar yoshlari ishtirokida Ekologiya bo‘yicha maslahat qo‘mitasi tuzilgan edi. Ushbu qo‘mita platformasida 2027 yilda O‘zbekistonda Butunjahon yoshlar iqlim forumini o‘tkazish taklif etilgan.

Sakkizinchi. Ekologik kun tartibini ilgari surish doirasida shu yilning 31 may – 5 iyun kunlari Samarqandda Global ekologik fondning sakkizinchi assambleyasi, sentyabr oyi oxirida esa Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumi bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyo yetakchilarini ushbu xalqaro anjumanlarda faol ishtirok etishga taklif etgan. 

“Aminmanki, ularning natijalari mamlakatlarimiz va butun mintaqaning barqaror rivojlanishiga qaratilgan amaliy tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishga salmoqli hissa qo‘shadi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Ostonada Mintaqaviy ekologik sammit tadbirlari boshlangani haqida xabar berilgan edi. Xalqaro ko‘rgazmalar markazida davlat rahbarini Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kutib olgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing