SHHTning Afg‘oniston bilan muntazam muloqotini qayta tiklash vaqti keldi – Shavkat Mirziyoyev
Jamiyat
−
13:25 329 2 daqiqa
Xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikning keng ko‘lamli masalalarini muhokama qilish uchun SHHTning Afg‘oniston bilan muntazam muloqotini qayta tiklash vaqti keldi. Bu haqda bugun, 1 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishidagi nutqida so‘z ochdi.
Prezidentning aytishicha, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavf-xatarlar mamlakatlarning oziq-ovqat, suv va energetik xavfsizligiga tobora ko‘proq ta’sir ko‘rsatmoqda. Yuzaga kelgan vaziyat SHHT doirasida o‘zaro chambarchas bog‘liq ushbu masalalar bo‘yicha yagona kun tartibini shakllantirish zaruratini taqozo etmoqda.
O‘zbekiston yetakchisi ushbu kun tartibini ilgari surish maqsadida SHHTning kompleks dasturlarni, texnologiyalar va ilg‘or bilimlar almashinuvini muvofiqlashtiradigan ixtisoslashgan mexanizmini tashkil etishni taklif etmoqda.
Shuningdek, Prezidentning aytishicha, 2035 yilga qadar suv va energetika samaradorligi sohasida SHHTning texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish bu yo‘nalishdagi qadamlardan biri bo‘lishi mumkin. Xalqaro transport yo‘laklarining keng tarmoqli tizimini shakllantirishni davom ettirish o‘ta muhim.
“SHHTga a’zo davlatlarning temir yo‘l makonlari integratsiyasi bo‘yicha kengash ta’sis etishni maqsadga muvofiq deb hisoblayman. Logistika infratuzilmasini rivojlantirishni muvofiqlashtirish va milliy transport tizimlarining choksiz o‘zaro bog‘lanishini ta’minlashni uning ustuvor vazifasi sifatida ko‘ramiz”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.
Shu bilan birga, O‘zbekiston yetakchisiga ko‘ra, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni saqlash mintaqa xavfsizligi va taraqqiyoti uchun fundamental ahamiyatga ega.
“Barchamizga yaratuvchan mintaqaviy jarayonlarga integratsiyalashgan, farovon qo‘shni mamlakat kerak. Xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikning keng ko‘lamli masalalarini muhokama qilish uchun SHHTning Afg‘oniston bilan muntazam muloqotini qayta tiklash vaqti keldi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Bundan tashqari, Prezident bugun SHHT Xartiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma, shuningdek, Universal markaz va Antinarkotik markaz to‘g‘risidagi nizomlarning qabul qilinishi tashkilotning institutsional rivojlanishida yangi bosqichni boshlab berishiga ishonch bildirgan.
“Toshkent shahrida Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markazning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratamiz.
Madaniy-gumanitar hamkorlik bizning o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishimiz bo‘lib qolmoqda”, deydi Prezident.
Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash maqsadida 2028-2030 yillarga mo‘ljallangan an’anaviy san’at va nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash hamda ommalashtirish bo‘yicha hamkorlik dasturini tayyorlashni taklif etgan.
Live
Barchasi