Serbiyada muxolifat, Prezident tarafdorlari va politsiya to‘qnashdi
Olam
−
14 avgust 2025 2339 2 daqiqa
Serbiyaning bir qancha shaharlarida muxolifat namoyishchilari, Prezident Aleksandr Vuchich tarafdorlari va politsiya o‘rtasida ommaviy to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Kecha, 13 avgust kuni poytaxt Belgradda, Serbiya shimolidagi Novi Sadda, janubdagi Nisda, mamlakat markazidagi Kragujevacda va boshqa bir qancha shaharlarda Prezident Aleksandr Vuchichning muxoliflari va uning Serbiya progressiv partiyasi a’zolari va politsiyasi o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Prezident partiyasining mahalliy idoralariga to‘plangan tomonlar bir-biriga qarata pirotexnika, petarda, tosh va turli buyumlar otgan, mushtlashgan, politsiya ularni ajratishga harakat qilgan.
Prezident Vuchich kecha kechqurun Novi Sadda uning 64 nafar tarafdori yaralanganini aytdi va “banditlar va bezorilar”ga rahm-shafqat ko‘rsatilmasligiga va’da berdi. Vuchichning shaxsan o‘zi Belgraddagi shtab-kvartirasida yig‘ilgan partiyadoshlari oldiga ko‘chaga chiqdi.
Serbiya politsiyasi rahbari Dragan Vasilevich shimoliy Vrbas shahridagi to‘qnashuvlarda 16 nafar politsiyachi va 50 nafar namoyishchi yaralanganini ma’lum qildi.
Talabalar tashkilotlari boshchiligidagi Serbiya muxolifati to‘qqiz oydan beri norozilik namoyishlarini o‘tkazmoqda. Ular o‘tgan yili 1 noyabr kuni Novi Sad vokzalida beton soyabon qulashi oqibatida 16 kishi halok bo‘lganidan keyin boshlangan. Namoyishchilar fojia uchun aybdorlarni jazolash, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishni talab qilmoqda.
Yanvar oyida Serbiya bosh vaziri va Novi Sadning sobiq meri Milosh Vuchevich norozilik namoyishlari tufayli iste’foga chiqdi. Mamlakat parlamenti bu qarorni mart oyida tasdiqladi.
Hukumatning yangi rahbari tibbiyot professori Djuro Makut bo‘lib, uning nomzodi Vuchich tomonidan taklif qilingan.
Live
Barchasi