Samarqandga kirish yo‘llari vaqtinchalik yopiladi (video)
Jamiyat
−
20 Oktabr 26710 1 daqiqa
Birlashgan Millatlar tashkilotining maorif, fan va madaniyat masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkiloti – UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkazilishi munosabati bilan Samarqand shahriga kirish yo‘llar vaqtinchalik yopiladi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 30 oktyabridan 14 noyabriga qadar Samarqand viloyati hududidan tranzit o‘tuvchi transport vositalari uchun aylanma harakat tashkil etiladi va bu bo‘yicha maxsus flayer ishlab chiqilgan. Undagi QR-kod orqali tashkil etilgan aylanma yo‘llarni mobil ilova orqali ko‘rish mumkin.
“Mazkur kunlarda Samarqand shahriga tashrif buyurishni rejalashtirgan bo‘lsangiz, imkon qadar boshqa kunlarga qoldirishingizni so‘rab qolamiz”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, ushbu konferensiyaning asosiy mavzulari orasida madaniy asrash, sun’iy intellekt etikasi, barqaror rivojlanish, iqlim masalalari, ijodiy industriyalar va ayollarning fan sohasidagi o‘rni kabi yo‘nalishlar bor. Tadbir Silk Road Samarkand sayyohlik majmuasida o‘tkaziladi. Shuningdek, u 1985 yildan beri birinchi marta tashkilot bosh qarorgohi joylashgan Parijdan tashqarida bo‘lib o‘tadi.