Samarqandda 19 nafar hokim yordamchisi jinoiy javobgarlikka tortildi
3-sahifa
−
04 iyun 8432 2 daqiqa
Samarqand viloyatida 19 nafar hokim yordamchisi jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda bugun, 4 iyun kuni o‘tkazilgan Samarqand viloyati korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, joriy yilning birinchi choragida 3300 dan ortiq holatda hisobotlarga qo‘shib yozilishi aniqlangan va buning natijasida 80 dan ortiq hokim yordamchisi va boshqa mas’ullarga nisbatan intizomiy, ma’muriy va jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan (19 nafar hokim yordamchisi jinoiy javobgarlikka tortilgan). 3 milliard so‘mlik subsidiya, nafaqa va kredit mablag‘lari talon-toroj qilingan.
Hokim yordamchilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning salmoqli qismi Samarqand shahri, Urgut, Ishtixon va Oqdaryo tumanlari hisobiga to‘g‘ri kelsa-da, mahalliy hokimlik idoralari yoki bandlik organlari tomonidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazilmagan.
Bandlik organlarining “Yagona milliy mehnat tizimi” elektron platformasi orqali amalda ish bilan band bo‘lgan yoki o‘zini-o‘zi band qilgan 155 nafar fuqaro uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha miqdorda subsidiyalar berilgan. Bunday holatlarga asosan Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Narpay, Jomboy, Oqdaryo, Bulung‘ur, Samarqand va Payariq tumanlarida yo‘l qo‘yilgan.
Bildirilishicha, 2023-2024 yillarda byudjet mablag‘lari hisobidan ta’minotchi korxonalardan sotib olingan 63 milliard so‘mlik asbob-uskunalar joylarga olib borilib, hokim yordamchilari ishtirokida ishsiz fuqarolarga topshirilgan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Ammo ijtimoiy reyestrdagi fuqarolarga yordam tariqasida subsidiyalar berish yo‘nalishida ham suiiste’mollikka yo‘l qo‘yilayotgani kuzatilmoqda.
“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunda davlat muassasalari xodimlariga manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq, ayniqsa, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarda cheklovlar o‘rnatilgan. Ammo bandlik organlarining 12 nafar xodimi va 25 nafar hokim yordamchisi tadbirkorlik sub’ektini tashkil qilib, boshqarib kelgan.
“Yig‘ilishda mazkur holatlar yuzasidan viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamda boshqa tashkilotlar rahbarlaridan izoh so‘raldi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri Shayxontohur tumanida 427,7 mln so‘mni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan hokim yordamchisi ushlangandi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr