Saidov Gruziya rahbariyatiga Mirziyoyevning salomini yetkazdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun, 8 iyul kuni Tbilisida Gruziya rahbariyati bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.

Baxtiyor Saidov Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili va Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan uchrashib, ularga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomlarini yetkazgan. 

“Gruziya tomonining ikki tomonlama aloqalarda mavjud ulkan imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish borasidagi qat’iy intilishini yuksak qadrlaymiz. Uchrashuv davomida siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda hamkorligimiz izchil va jadal rivojlanib borayotganini yana bir bor ta’kidladik”, deydi O‘zbekiston TIV rahbari.

Shuningdek, ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari ushbu ijobiy sur’atni mustahkamlash, xalqlar manfaatlari yo‘lida yanada samarali natijalarga erishish uchun barcha resurslarini safarbar etishiga kelishib olgan.

“Yaqin kelajakdagi kun tartibimiz aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan va katta istiqbollarni o‘zida mujassam etgan. Kelgusi yillarda bu ijobiy dinamikani yanada mustahkamlab boramiz”, deb yozdi Saidov.

Shuningdek, u Gruziya Tashqi ishlar vaziri Maka Bochorishvili bilan ham uchrashgan. Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlik, mintaqaviy va global masalalar muhokama qilindi, yaqin istiqbolda erishilishi kerak bo‘lgan yangi maqsadlar belgilab olingan.

“O‘zbekiston va Gruziya tashqi siyosat idoralari oldida katta salohiyatli hamkorlik yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash va faoliyatni yanada kuchaytirish vazifasi turibdi. Biznes doiralarni yaqinlashtirish, turizm almashinuvlarini rivojlantirish, xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash kabi masalalar muzokaralar kun tartibidan o‘rin oldi”, deydi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Gruziya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2025–2026 yillar uchun Hamkorlik dasturi imzolangan.

Baxtiyor Saidov Gruziya Parlamenti Raisi Shalva Papuashvili bilan ham uchrashuv o‘tkazgan.  Bildirilishicha, O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning muhim tayanchlaridan biri sifatida parlamentlararo aloqalar alohida o‘rin tutadi.

Uchrashuv davomida xalqlar o‘rtasidagi yaqin rishtalarni mustahkamlab borish, har ikki mamlakatda madaniyat kunlarini tashkil etish, tajriba va bilim almashinuvini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 4 mart kuni Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze rasmiy tashrif bilan Toshkentga kelgandi. Keyinroq, Kobaxidze O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Qolaversa,  Oliy Majlis Senatida Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze rahbarligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. 5 mart kuni esa Prezident Shavkat Mirziyoyev ham mamlakatda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Shu kuni  O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze boshchiligida ikki mamlakat hukumat delegatsiyalarining uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlar yakuniga yetgach, Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening O‘zbekistonga amalga oshirgan ikki kunlik rasmiy tashrifi yakuniga yetdi. Uni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya O'zbekiston Tbilisi Baxtiyor Saidov Irakliy Kobaxidze Shalva Papuashvili Mixail Kavelashvili Maka Bochorishvili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing