Rossiyadagi o‘zbekistonliklar sohta hujjatlar bo‘yicha ogohlantirildi

Olam

image

O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasida joylashgan konsullik muassasalari faoliyati davomida O‘zbekiston fuqarolari tomonidan konsullik muassasalariga qalbaki hujjatlar taqdim etish holatlari kuzatilmoqda. Shu sababli O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu mamlakatdagi o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqdi.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston va boshqa davlatlarning turli xil qalbaki hujjatlarini tayyorlab berish “xizmatlari”ni taklif qiluvchi e’lonlar Telegram mobil ilovasidagi virtual guruh va kanallarda keng tarqalmoqda.

Ushbu jinoiy guruhlar faoliyati oqibatida fuqaro E.M.R. qalbaki “Vatanga qaytish guvohnomasi”ni rasmiylashtirgan va O‘zbekistonga chipta olish jarayonida hujjatning soxtaligi aniqlangan. O‘zbekiston Respublikasi Qozon shahridagi Bosh konsulxonasining tezkor harakatlari natijasida fuqaroning Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 322-moddasi (Rossiya Federatsiyasi davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) hamda 327-moddasi (soxta hujjatlar, davlat mukofotlari, shtamplar, muhrlar yoki blankalarni qalbakilashtirish, tayyorlash yoki sotish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishining oldi olingan.

Shuningdek, fuqaro O.B.B. ushbu yo‘l bilan fuqaro X.M.A. bilan tuzilgan qalbaki nikoh asosida “nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma”ni rasmiylashtirgan va unga asosan Rossiya Federatsiyasi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlaridan ( FHDYO) o‘z farzandi O.M.B. ga “tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma”ni olgan.

“Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan turli xil “hujjat tayyorlab berish” haqidagi e’lonlarga aldanmaslik, hujjatlarni rasmiylashtirishda faqat O‘zbekiston Respublikasining vakolatli davlat organlariga murojaat qilish qat’iy tavsiya etiladi. Bu orqali siz firibgarlik va noxush holatlarga tushib qolishning oldini olishingiz mumkin”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik xalqaro yuk tashuvchi haydovchilar Rossiya Ichki ishlar organlarining “kirishi man etilgan shaxslar” ro‘yxatiga tushib qolayotgani sababli ogohlantirilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya sohta hujjat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing