Rossiyadagi ko‘priklar qulashi terakt sifatida baholandi

Olam

image

Rossiyaning Bryansk va Kursk viloyatlarida ko‘priklarning qulashi holati tergovchilar tomonidan terrorchilik harakati deb baholandi. Bu haqda “Kommersant’” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tergov qo‘mitasi ushbu ikki fojia bo‘yicha ham jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Bir holatda Bryansk viloyatida joylashgan “Pilsino-Vigonichi” yo‘nalishidagi bir yo‘lakli temiryo‘l bo‘lagida avtomobil ko‘prigining ustki qismi qulab tushgan. Oqibatda ”Klimovo–Moskva” yo‘nalishida harakatlanayotgan 86-sonli yo‘lovchi poyezdining lokomotivi va vagonlari relsdan chiqib ketgan. Qolaversa, yetti kishi halok bo‘lgan va 70 dan ortiq odam jarohat olgan. Hodisa 31 may kuni kechasi soat taxminan 22:40 da sodir bo‘lgan.

Voqea joyidan olingan kadrlarda yo‘lovchilarning bir-biriga yordam berib, vagonlardan chiqishga harakat qilayotgani aks etgan. Kechasi rasmiylar barcha jabrlanganlar mahalliy shifoxonalarga yetkazilganini ma’lum qilgan. Qolgan yo‘lovchilar vaqtincha hududda joylashgan maktabga joylashtirilgan. Moskvaga borishni istagan 247 yo‘lovchi zaxira poyezd orqali poytaxtga yuborilgan va ular Kiyev vokzaliga yetib borgan.

Nashrga ko‘ra, voqea oqibatida poyezd mashinisti ham halok bo‘lgan.

Boshqa holatda esa Kursk viloyatida temiryo‘l ko‘prigi poyezd bilan birgalikda qulab tushgan. Jurnalist Aleksandr Xinshteynning xabar berishicha, Trostna-Kalinovka yo‘lining 48-kilometrida ko‘prik ustidan poyezd o‘tib ketayotgan vaqtida u qulab tushgan. Hodisa oqibatida 1 kishi jarohatlangan. Poyezdning bir qismi ko‘prik ostidagi avtomobil yo‘liga ag‘darilgan. Poyezd lokomotivida yong‘in boshlangan, lekin Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari uni tezda o‘chirgan. Qolgan vagonlar temiryo‘l platformasida qolgan.

Mamlakat OAVlari ikki holatda ham ko‘priklar portlatilgan bo‘lishi mumkinligini iddao qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Bryansk viloyatida poyezd halokati tufayli 2 iyundan 4 iyungacha uch kunlik motam e’lon qilingani haqida xabar berilgandi. Motam kunlarida Bryansk viloyatining barcha hududlarida Rossiya bayrog‘i, viloyat va mahalliy bayroqlar yarim ustunga tushiriladi. Hududdagi madaniyat muassasalari hamda televideniye va radiokanallar barcha ko‘ngilochar tadbirlar va efirlarni bekor qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya poezd ko'prik Kursk Bryansk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing