Rossiyadagi koloniyada 3 o‘zbekistonlik terakt uyushtirishda gumonlanmoqda
3-sahifa
−
09:08 1904 1 daqiqa
Rossiyaning Rostov viloyatidagi jazoni ijro etish koloniyasida “Iroq va Shom islom davlati”ning (ISHID) tarafdori bo‘lgan uch o‘zbekistonlik terrorchilik hujumini rejalashtirdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hujumni rejalashtirgan shaxslar qamoqxona xodimlarini garovga olish va binolarga o‘t qo‘yishni ko‘zlagan, biroq rejasini amalga oshirishga ulgurmagan. Tintuvlar chog‘ida gumonlanuvchilardan o‘tkir buyumlar, shuningdek, terrorchilik tashkiloti bayrog‘iga o‘xshash tasvir tushirilgan mato parchalari topilgan.
Manbaning aniqlik kiritishicha, gumonlanuvchilar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib, ISHID tarafdorlari hisoblanadi. Ulardan biri qotillik, ikkinchisi giyohvand moddalar muomalasi, uchinchisi esa sog‘liqqa og‘ir qasddan zarar yetkazish jinoyatlari uchun jazoni o‘tayotgan bo‘lgan.
Tergovchilar fikricha, gumonlanuvchilar xodimlarni garovga olish va binolarga o‘t qo‘yish rejasini ishlab chiqqan. O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan.
Tezkor-qidiruv materiallari asosida Rostov viloyati bo‘yicha Tergov qo‘mitasi mazkur shaxslarga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 30-moddasi 1-qismi (Jinoyat sodir etishga tayyorgarlik) va 205-moddasi 2-qismi (terrorchilik harakatiga suiqasd) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) xodimlari Rostov-na-Donu shahrida markaziy osiyolik bir fuqaroni terrorchilik harakati uyushtirishga urinishda gumon qilib, hibsga olgandi.
Live
Barchasi