Rossiyada poraxo‘r mulozimlarni qatl etish taklif qilindi
Olam
−
27 iyun 2332 1 daqiqa
Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasida korrupsiya uchun mansabdor shaxslarni qatl etish taklif qilindi. Deputatlar muhokamasiga tegishli qonun loyihasi kiritilgani haqida “Spravedlivaya Rossiya” partiyasi yetakchisi Sergey Mironov RTVI telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Mansabdor shaxsning g‘arazli niyatlarda sodir etgan xatti-harakatlari fuqarolar xavfsizligi va mamlakat mudofaa qobiliyatiga bevosita putur yetkazsa, biz qonunchilikdagi bo‘shliqqa duch kelamiz. Bunday jinoyatlarni josuslik va davlatga xoinlik qilish bilan tenglashtirish hamda o‘lim jazosi bilan jazolash kerak”, deydi Mironov.
Buning uchun Rossiya Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish va, jumladan, “mamlakat mudofaa qobiliyati va fuqarolar xavfsizligiga zarar yetkazilishiga sabab bo‘lgan korrupsiyaviy faoliyat” deb nomlangan yangi jinoyat turini joriy etish taklif qilinmoqda. Shu bilan birga, o‘lim jazosi eng og‘ir jazo chorasi sifatida Rossiyada rasman mavjud, biroq 1997 yilda unga muddatsiz moratoriy joriy etilgani sababli qo‘llanilmaydi.
Rossiyada 1996 yilda otib o‘ldirilgan oxirgi jinoyatchi “Fisher” taxallusi bilan tanilgan seriyali qotil Sergey Golovkin bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘tgan yili dunyoda o‘lim jazosi ijrolari soni Amnesty International huquqni himoya qilish tashkiloti bunday statistikani yuritishni boshlagan 1981 yildan beri eng yuqori darajaga yetgani haqida xabar berilgan edi. Xususan, 2025 yilda dunyoning 17 ta davlatida 2707 kishi qatl etilgan.
Live
Barchasi