Rossiyada migrantlar uchun yangi davlat bojlari joriy etilishi mumkin
Olam
−
30 iyun 2025 7691 1 daqiqa
Rossiyada joriy yilning sentyabridan boshlab migrantlar uchun yettita yangi davlat boji joriy etilishi mumkin. Bu haqda mamlakat Moliya vazirligi tayyorlagan qonun loyihasiga tayanib, “Izvestiya” gazetasi xabar berdi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, boshqa mamlakat fuqarolari yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga turish uchun 500 rubl to‘lashi kerak bo‘ladi. Shuningdek, vaqtinchalik yashash muddatini uzaytirish uchun 1 ming rubl, ishga ruxsatnoma olish uchun esa 4,2 ming rubl miqdorida boj undiriladi.
Ayrim hujjatlarning dublikatlarini berish va ularga o‘zgartirishlar kiritish ham to‘lovga tortiladi. Gap ishga ruxsatnomalar va patentlar haqida bormoqda. Mos hujjatni olish yoki unga tuzatish kiritish 2,1 ming rublga tushadi. Patentni olish yoki qayta rasmiylashtirish esa 4,2 ming rublni tashkil etadi.
Chet elliklarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat boji hozirgi 420 rubl o‘rniga 1 ming rublga oshiriladi.
Tushuntirilishicha, qonunga kiritiladigan ushbu o‘zgartirishlar muhim migratsiya oqimi tufayli nazoratni kuchaytirish uchun zarur.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyati va inson huquqlari bo‘yicha kengash raisi Valeriy Fadeyev farzandlari rus maktablarida o‘qimaydigan mehnat muhojirlarining oilalarini chiqarib yuborishga chaqirgandi.
Live
Barchasi