Rossiyada migrantlar dam olayotgan hammomni OMON “bosdi”
Olam
−
12 aprel
9636Rossiyaning Moskva shahridagi “Bodrost” nomli hammomda Rossiya maxsus maqsadli mobil bloki (OMON) migrantlarga qarshi reyd o‘tkazdi. Bu haqda “Readovka” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab migrantlarning noqonuniy ravishda hammomni egallab olib, boshqa tashrif buyuruvchilarga foydalanishga to‘sqinlik qilgani haqida xabarlar tarqalgan. Mahalliy aholi vakillari migrantlar rus millatiga mansub kishilarga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lganidan shikoyat qilgan. Shundan so‘ng vaziyatga huquq-tartibot idoralari aralashgan. “Readovka” manbasining ma’lumotiga ko‘ra, taxminan 40 nafar noqonuniy migrant hibsga olingan. Ular kuch ishlatar xodimlar tomonidan yerga yuztuban yotqizilib, keyinroq olib ketilgan.
Manbaga ko‘ra, bir nechta migrantlarga nisbatan Rossiya Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining “mamlakatga kirish va unda bo‘lish qoidalarini buzish” moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Migrantlarning norasmiy rahbari esa hozirda tekshiruv ostida bo‘lib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining “noqonuniy migratsiyani tashkil etish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilishi mumkin.
Ommaviy axborot vositalarida tarqalayotgan xabarlarga ko‘ra, mazkur hammomga O‘zbekiston va Qirg‘izistondan migrantlar ko‘p tashrif buyurgan.
Video mualliflari lavhani tarmoqqa “Bu yerga ko‘plab qirg‘izlar keladi”, degan izoh bilan joylashtirishgan. Facebook foydalanuvchisi Mirjan Balibayev o‘z sahifasida bu voqeaga munosabat bildirgan.
“Odamlar hammomga shunchaki dam olish uchun kelgan edi. Ammo bug‘ va tinchlik o‘rniga OMON reydi, baqir-chaqir, hammani hayvonlardek yerga yotqizish. Ko‘pchilikning badanida katta ko‘kargan joylar, kaltak izlari bor. Bu tekshiruv emas, bu qiynoq”, deya izohlagan u.
Hozircha Moskvadagi huquq-tartibot organlari tomonidan ushbu reyd yuzasidan rasmiy bayonot berilmadi. Hammom ma’muriyati ham holatga izoh bermagan.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Rossiya Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, general-polkovnik Aleksandr Gorovoy “Komsomolskaya pravda” radiosiga bergan intervyusida Rossiyada 670 ming kishi noqonuniy ravishda yashayotganini aytgan edi. Gorovoyning so‘zlariga ko‘ra, noqonuniy migrantlarning yarmidan ko‘pi ayollar va bolalar hisoblanadi. 2024 yil 30 dekabrdan joriy yil 30 aprelgacha noqonuniy migrantlar ushbu masalani hal qilish uchun tegishli idoralarga murojaat qilishlari mumkin.
LiveBarchasi