Rossiya urushni yana davom ettirishini e’lon qildi
Olam
−
31 avgust 11692 2 daqiqa
Rossiya o‘zining Ukrainada olib borayotgan va “maxsus harbiy operatsiya” deya atayotgan urushini yana davom ettiradi. Bu haqda Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, armiya generali Valeriy Gerasimov kecha, 30 avgust kuni ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilning mart oyidan beri Rossiya qo‘shinlari 149 ta aholi punkti va 3,5 ming kvadrat kilometrdan ortiq Ukraina hududini egallab olgan.
Gerasimovning Rossiya Mudofaa vazirligining rasmiy Telegram-kanalida e’lon qilingan bayonotiga ko‘ra, Rossiya armiyasi Lugansk viloyatining 99,7 foizini va Donetsk viloyatining 79 foizini, shuningdek, Zaporoje viloyatining 74 foizini va Xerson viloyatining 76 foizini egallab olgan.
Rossiya Bosh shtabi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bahor-yoz oylarida Rossiya Qurolli kuchlari Ukrainadagi 76 ta strategik ob’ektga, jumladan, raketa tizimlari va uzoq masofali dronlar ishlab chiqaruvchi korxonalarga zarba bergan. Gerasimov, shuningdek, Rossiya armiyasining topshiriqlarini bajarishi hujum operatsiyalari bilan davom etishini aytdi.
Valeriy Gerasimov 28 avgust kuni besh qavatli turar-joy binosi vayron bo‘lgan va 25 kishining hayotiga zomin bo‘lgan Rossiyaning Kiyevga bergan zarbasini alohida tilga oldi. Gerasimovning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni rus qo‘shinlari Ukrainaning raketa va aviatsiya sanoati korxonalari, jumladan, “Spetsoboronmash” va Kiyev radiozavodiga zarba bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Prezidentlar darajasidagi uchrashuvga tayyorgarlik uchun ajratilgan vaqtni yangi keng ko‘lamli hujumlarga tayyorgarlik ko‘rishga sarflayotganini aytgandi.