Rossiya “O‘rgimchak to‘ri” uchun Ukrainadan qasos oldi (video)
Olam
−
09 iyun 2025 49491 2 daqiqa
Bugun, 9 iyunga o‘tar kechasi Rossiya harbiylari Ukraina Qurolli kuchlari taktik aviatsiyasi joylashgan Rovno viloyatining Dubno shahri yaqinidagi harbiy aerodromga kuchli raketa zarbasi berdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, bu hujum Ukraina tomonidan Rossiya harbiy aerodromlariga uyushtirilgan hujumlarga javob tarzida amalga oshirilgan. Mamlakat OAVlari ham hujumni aynan “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi uchun javob bo‘lganini yozgan.
Rossiya o‘z hujumi davomida Ukraina harbiy korxonalari, hujumchi dronlarni yig‘ish sexlari, qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar omborlaini nishonga olgan.
“Hujumning maqsadi to‘liq amalga oshirildi. Belgilangan barcha ob’ektlar nishonga olindi va zararsizlantirildi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Ukraina Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligining xabar berishicha, 9 iyunga o‘tar kechasi Rossiya tomonidan 499 ta havo hujum vositasi (jumladan, dron va raketalar) ishlatilgan. Ukraina tomoni ularning 479 tasini yo‘q qilganini bildirgan – 292 tasi zenit vositalari bilan urib tushirilgan, 187 tasi radar bilan kuzatishda yo‘qotilgan.
Ukraina rasmiylarining aytishicha, 10 joyda dushman hujum vositalari nishonga yetgan.
Ukrainaning “O‘rgimchak to‘ri”
Ukraina 1 iyun kuni Rossiya harbiy aerodromlariga uchuvchisiz dronlar yordamida amalga oshirilgan yirik hujum – “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasini o‘tkazdi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy murojaatida operatsiyasida ishtirok etganlarga minnatdorlik bildirdi. Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi davomida Rossiya strategik aviatsiya samolyotlarining 34 foizi zarar ko‘rganini ma’lum qildi. Kiyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, zarar ko‘rgan samolyotning taxminiy umumiy qiymati 7 milliard dollarni tashkil qiladi. Manbalar Rossiyaning 41 ta samolyotiga, jumladan, strategik A-50, Tu-95 va Tu-22M3 samolyotlariga zarar yetkazilgani haqida xabar bergan. Kiyevga ko‘ra, ulardan muntazam ravishda Ukraina shaharlariga hujum qilish uchun foydalanilgan. Operatsiya bir yarim yil davomida tayyorlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi va unda Ukraina tomonidan Rossiyadagi aerodromlarga uyushtirilgan hujumlarni muhokama qildi. Trampning yozishicha, 1 soat 15 daqiqa davom etgan suhbat davomida Vladimir Putin unga “yaqinda aerodromlarga qilingan hujumga javob berishga to‘g‘ri kelishini” bildirgan.
Live
Barchasi