Rossiya Ukrainaning NATOga qo‘shilishiga veto qo‘ya olmaydi – Ko‘ngillilar koalitsiyasi

Olam

image
Ukrainaning hududiy muzokaralarga tayyorligi aytildi north_east

Ukrainaning hududiy muzokaralarga tayyorligi aytildi

Ukraina qurolli kuchlariga ham, uning uchinchi davlatlar bilan hamkorligiga ham hech qanday cheklov qo‘yilmasligi kerak. Rossiya Ukrainaga Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo bo‘lish yo‘lida veto qo‘yish huquqiga ega bo‘lmasligi shart. Bu Germaniya kansleri Fridrix Mers, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer rahbarligidagi, Ukrainaga keyingi yordamni ko‘rsatish niyatidagi “ko‘ngillilar koalitsiyasi” hamraislarining qo‘shma bayonotidagi bandlardan biri. Hujjat kecha, 13 avgust kuni Buyuk Britaniya hukumati saytida e’lon qilindi.

Ushbu kunning o‘zida Mers, Makron va Starmer, Rossiya va AQSH Prezidentlari Vladimir Putin va Donald Tramp uchrashuvi arafasida, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens ishtirokida “ko‘ngillilar koalitsiyasi”ning virtual yig‘ilishini hamrais sifatida o‘tkazdi.

“Yig‘ilish qatnashchilari Donald Trampning Ukrainadagi qotilliklarni to‘xtatish, Rossiyaning agressiv urushiga chek qo‘yish va adolatli hamda haqqoniy tinchlikka erishishga qaratilgan sa’y-harakatlarini olqishladi”, deyiladi Mers, Makron va Starmer bayonotida. 

Shuningdek, ular “Prezident Tramp bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muhokamalarni ham mamnuniyat bilan qarshi olganini” ta’kidladi.

Bu yerda nazarda tutilgani tadbir – 13 avgust kuni o‘tkazilgan yopiq videokonferensiya bo‘lib, unda Donald Tramp, qator Yevropa davlatlari rahbarlari va Vladimir Zelenskiy ishtirok etgan. Maqsad — 15 avgust kuni Alyaskada bo‘lib o‘tadigan Tramp va Putin uchrashuvi oldidan pozitsiyalarni muvofiqlashtirish.

Hujjatda ta’kidlanishicha, virtual yig‘ilish qatnashchilari Ukrainada tinchlik yo‘lidagi qarorlar Ukrainaning o‘zi ishtirokisiz qabul qilinishi mumkin emasligiga shubha qilmagan. “Ko‘ngillilar koalitsiyasi” a’zolari fikricha, bu yo‘lda faol diplomatiya, Ukrainaga qo‘llab-quvvatlash va Rossiyaga bosim o‘tkazishni birgalikda davom ettirish zarur. 

“Diplomatik yechim Yevropa va Ukrainaning asosiy xavfsizlik manfaatlarini himoya qilishi shart”, deyiladi hujjatda.

Yig‘ilishning boshqa muhim xulosalari qatorida “ahamiyatli muzokaralar faqat otashkesim yoki harbiy harakatlar ko‘lamini sezilarli qisqartirish sharoitida o‘tkazilishi mumkin” degan tezis ham bor.

“Ikkinchidan, agar Rossiya Alyaskada otashkesimga rozi bo‘lmasa, Rossiyaning harbiy iqtisodiyotiga bosim o‘tkazishga qaratilgan sanksiyalar va keng qamrovli iqtisodiy choralar kuchaytirilishi lozim.
Uchinchidan, xalqaro chegaralarni kuch bilan o‘zgartirish mumkin emas. 
To‘rtinchidan, Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini samarali himoya qilish uchun u ishonchli va mustahkam xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘lishi kerak”, deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 13 avgust kuni Vladimir Zelenskiy Berlinda Mers bilan qo‘shma matbuot anjumanida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish Alyaskadagi sammitning “markaziy mavzusi”ga aylanishiga umid bildirgandi. Shu bilan birga, u Putin “aniq tinchlikni istamasligini” ta’kidlab, G‘arb ittifoqdoshlarini natija bo‘lmaganda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Ko'ngillilar koalitsiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing