Rossiya Ukrainaga ballistik raketalar bilan zarba berdi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

Bugun, 25 oktyabrga o‘tar kechasi Rossiyaning Kiyevga ballistik raketalar bilan uyushtirgan hujumi oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘ldi, yana 12 kishi jarohat oldi, ulardan uchtasi shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda shahar meri Vitaliy Klichko ma’lum qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Darnitsa tumanida ikki hududdagi noturarjoylar hududida yong‘inlar chiqqan. Dneprovskiy tumanida bir nechta uylarning oynalari va eshiklari sinib, bolalar bog‘chasining binosi shikastlangan. Desnyanskiy tumanida esa raketa parchalari tushganidan keyin omborxonalar va bir necha avtomobillar yonib ketgan. Umuman olganda, Rossiya tunda to‘qqizta raketa uchirgan, shulardan to‘rttasi urib tushirilgan.

Rossiya shu kecha Ukrainadagi Dnepropetrovsk viloyatini ham nishonga olgan. Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Vladislav Gayvanenkoning bildirishicha, Rossiya qo‘shinlari Sinelnikovskiy va Pavlogradskiy tumanlari hamda Nikopol shahriga raketa va dronlar bilan zarba bergan. Hujumlar oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, yana yetti kishi yaralangan. Favqulodda vaziyatlar davlat xizmatiga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida bir nafar ayol va yong‘inni o‘chirish chog‘ida qayta hujum ostida qolgan qutqaruvchi Aleksandr Yegorichev ham bor.

Hujumlar oqibatida Dnepropetrovsk viloyatining bir necha tumanlarida yong‘inlar chiqqan, ko‘p qavatli va xususiy uylar, xo‘jalik binolari, garajlar, do‘konlar, avtomobillar hamda infratuzilma ob’ektlari zarar ko‘rgan.

Ukraina havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya Ukraina bo‘ylab to‘qqizta “Iskander-M” ballistik raketasi va 62 ta dron uchirgan. Shulardan to‘rtta raketa va 50 ta dron urib tushirilgan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, 2025 yil boshidan beri Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga qariyb 770 ta ballistik raketa va 50 dan ortiq “Kinjal” raketasini uchirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Rossiya kuchlari Ukrainaga yana keng ko‘lamli dron hujumlarini uyushtirgandi. Hujum oqibatida poytaxt Kiyevda ikki kishi halok bo‘lgan, 17 kishi jarohat olgan. Halok bo‘lganlardan biri biri Dneprovsk tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birida yuzaga kelgan yong‘in oqibatida vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Kiev ballistik raketa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing