Rossiya Ukrainaga 68 ta raketa va 351 ta dron bilan hujum qildi – Zelenskiy

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning so‘nggi ommaviy havo hujumidan so‘ng Patriot havo mudofaa tizimlari uchun raketalar tanqisligi sabab Rossiyaning ballistik raketalarini urib tushirish qiyinlashganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

Unga ko‘ra, 5 iyul oqshomidan 6 iyul tongigacha Rossiya Ukraina hududiga 68 ta raketa va 351 ta hujumchi dron uchirgan. Havo mudofaasi kuchlari dronlar hamda qanotli raketalarning katta qismini yo‘q qilgan bo‘lsa-da, ballistik raketalarga qarshi yetarli natijaga erishilmagan.

“Harbiylarimiz bugun dronlar va qanotli raketalarni urib tushirishda yaxshi natijaga erishdi. Ammo, afsuski, Rossiyaning ballistik raketalariga qarshi bunday bo‘lmadi. Buning sababi aynan tutib qoluvchi raketalar yetarli emasligidir”, deydi Zelenskiy.

Uning bildirishicha, ittifoqchilar omborlarida Patriot tizimlari uchun raketalar mavjud bo‘la turib, ular Ukrainaga yetkazib berilmayotgani Rossiyani tinch aholi yashaydigan hududlarga hujumlarni davom ettirishga undamoqda. Zelenskiy NATOning Anqarada bo‘lib o‘tadigan sammitida AQSH va Yevropa davlatlari Ukraina havo mudofaasini kuchaytirish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilishiga umid bildirgan.

So‘nggi hujum oqibatida Kiyevning 10 dan ortiq hududida, jumladan, turarjoy binolarida vayrongarchilik yuz bergan. Hozirgacha 64 kishi, jumladan, ikki nafar bola qutqarilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Kiyevda 11 kishi halok bo‘lgan, 60 ga yaqin kishi jarohat olgan. Kiyev viloyatida esa yana 3 kishi halok bo‘lib, 16 kishi jarohatlangan.

Ukraina Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Yuriy Ignatning aytishicha, Patriot raketalari tanqisligi Rossiyani ballistik raketalardan ko‘proq foydalanishga undamoqda.

“Rossiya raketalarni tutib qolish uchun o‘q-dorilar jiddiy tanqis ekanini yaxshi biladi. Shu sababli ular ballistik raketa hujumlariga ko‘proq e’tibor qaratmoqda”, degan Ignat.

Uning qayd etishicha, Rossiya odatda har o‘n kunda bir marta yirik raketa va dron hujumlarini amalga oshiradi, biroq navbatdagi zarba istalgan paytda takrorlanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Mudofaa vazirligi harbiylari Donetsk viloyatidagi muhim shaharlardan biri bo‘lgan Konstantinovka ustidan nazorat o‘rnatgani haqida ma’lum qilgan edi. Zelenskiy esa Rossiyaning Donetsk viloyatidagi strategik ahamiyatga ega Kostiantinovka shahrini egallagani haqidagi da’volarni rad etgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing