Rossiya Suriyaga bug‘doy eksportini to‘xtatdi

Olam

image

Rossiya Suriyaga bug‘doy eksportini to‘xtatdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.  

Qayd etilishicha, Bashar Asad rejimi ag‘darilgach, Rossiya Suriyaga bug‘doy eksportini to‘xtatgan. Rossiya tomoni mamlakatdagi yangi hukumatning kelajagi va to‘lovlar bilan bog‘liq kechikishlardan xavotirda ekanini bildirgan.

Shuningdek, bug‘doy ortilgan ikki kema belgilangan portga yetib bormagani haqida xabar berilgan. “Mixayel Nenashev” va “Alfa Germes” nomli kemalar Suriya sohillarida bir necha kun turgan, so‘ng Misrning Aleksandriya portiga yo‘naltirilgan.

Suriya manbasiga ko‘ra, kemalar to‘lovlar bilan bog‘liq noaniqlik sababli kechiktirilgan va Rossiya bu masalani Suriya yangi hukumati bilan muhokama qilgan.

Ma’lumot uchun, Rossiya dunyodagi eng yirik bug‘doy eksportchisi hisoblanadi. Mamlakat G‘arb davlatlarining sanksiyalariga qaramay Suriya hukumatiga murakkab moliyaviy va logistika sxemalari orqali bug‘doy yetkazib bergan. Oldin Suriya bug‘doyni o‘zining “Hoboob” nomli agentligi orqali import qilgan, hozir esa yangi hokimiyat shu agentlikni boshqaruvchi yangi rahbariyatni tashkil etishi yoki yangi import boshqaruvini tuzishi kerak.

Rossiyaning Bug‘doy eksportchilari uyushmasi rahbari Eduard Zerninning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Suriya uchun yiliga taxminan 2 million tonna bug‘doy eksport qilmoqda. Ammo Suriya Rossiya uchun katta importchi emas. Shunga qaramay, Rossiyadan bug‘doy yetkazib berishdagi uzilishlar aholisi 23 milliondan ortiq bo‘lgan Suriyada ochlikka olib kelishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyani isyonchilar hujumidan keyin tark etgan prezident Bashar Asad oilasi bilan Moskvaga jo‘nab ketgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u Rossiyadan siyosiy boshpana so‘ragan. Rossiya samolyoti bir necha soat oldin Suriyaning Latakiya shahridan uchgan, keyin transponderni o‘chirib, Rossiya tomon yo‘nalgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Suriya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing