Rossiya Odessaga hujum uyushtirdi. Qurbonlar bor
Olam
−
28 iyun 3590 2 daqiqa
Bugun, 28 iyun tongida Rossiya qo‘shinlari Odessa shahriga dronlar yordamida hujum uyushtirdi. Oqibatda bir er-xotin halok bo‘ldi. Bu haqda Odessa viloyat prokuraturasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, dronlardan biri 21 qavatli turarjoy binosiga urilgan. Oqibatda 7-qavatdan 9-qavatgacha bo‘lgan xonadonlarni qamrab olgan yong‘in yuz bergan, kamida 17 kishi jarohat olgan. Ularning orasida 3, 7 va 14 yoshli uch nafar bola bor. Olti nafar jarohatlangan shaxs shifoxonada qolmoqda, ulardan uchtasi, shu jumladan bir bola og‘ir ahvolda.
“Tibbiyot xodimlarimiz har bir insonning hayoti va sog‘lig‘ini saqlab qolish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda”, deydi Odessa viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Kiper
Ukraina Qurolli kuchlariga ko‘ra, Rossiya bu hujumda 23 ta uchuvchisiz uchish apparati, jumladan, zarba beruvchi dronlardan foydalangan. Ukraina havo mudofaasi deyarli barcha nishonlarni urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan, biroq bitta dron belgilangan ob’ektga yetib borgan va odamlar halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan.
Qayd etish joiz, Rossiya qo‘shinlari muntazam ravishda Ukrainadagi fuqarolik infratuzilmalariga zarba bermoqda. Masalan, kecha, 27 iyun kuni Dnepropetrovsk viloyatining Samara shahriga uyushtirilgan hujumda 5 kishi halok bo‘lgan, yana 23 kishi yaralangan, ularning to‘rt nafari og‘ir ahvolda. 25 iyun kuni kechasi esa Xarkov shahri dronlar bilan hujumga uchradi – barcha zarbalar shaharning Kiyev tumaniga tushdi. Fuqarolik korxonasi va aholi yashamaydigan turarjoy binosi yaqinidagi hudud zarar ko‘rdi. Bir kishi shifoxonaga yotqizilgan.
Live
Barchasi