Rossiya Kuril orollarida raketa sinovini o‘tkazmoqchi. Yaponiya nima deydi?
Olam
−
17 aprel 2023 10778 2 daqiqa
Rossiya Mudofaa vazirligi shu yilning 14 aprel kuni e’lon qilgan Tinch okeani harbiy-dengiz flotining mudofaa qobiliyatini oshirishga qaratilgan kutilmagan tekshiruv doirasida flot yuqori shaylik holatiga o‘tkazildi. 18-22 aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan mashg‘ulotlar doirasida Kuril orollari janubida raketa sinovlarini olib borish ham rejalashtirilgan. Bu holat Yaponiya va Rossiya o‘rtasidagi hududiy nizolarni yanada keskinlashtirdi. Yaponiya hukumati bahsli hududlarda o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarga nisbatan rasman norozilik bildirdi.
Ushbu orollar bo‘yicha norozilik Ikkinchi jahon urushiga borib taqaladi. Rossiya bu hududlarni o‘ziniki ekanini da’vo qilsa, Yaponiya bu joylar uning hududiy suvlari tarkibiga kirishini aytib keladi. Yaponiyaning noroziligiga ham aynan u o‘ziniki deb hisoblaydigan hududda Rossiyaning raketa sinovlari o‘tkazilishi sabab bo‘lmoqda. Mamlakat Kuril orollarini Shimoliy Hududlar deb bilib, bu hududda uning roziligisiz har qanday harbiy harakatlar amalga oshirilishini qabul qilib bo‘lmas holat hamda o‘z suverenitetining buzilishi sifatida baholayapti.

Rossiya ham, o‘z navbatida, bu da’volarning hech birini qabul qilmaydi va Kuril orollarini o‘zining qonuniy mulki ekanini da’vo qiladi. Tomonlar uzoq yillardan buyon diplomatik kanallar va muzokaralar orqali masalani hal qilish uchun urinib keladi. Yaponiya kelishmovchilikni hal qilish uchun Kuril orollari tarmog‘iga kiruvchi to‘rtta bahsli orol – Kunashir, Etorofu, Shikotan va Habomai orollarini qaytarishni so‘ragan. Biroq Rossiya bu masalada murosaga kelishni istamagan.

Hozirda Rossiya o‘tkazishni rejalashtirgan harbiy mashqlar esa muammoni yanada chigallashtirib, Shimoli-Sharqiy Osiyoda mintaqaviy barqarorlikka salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Yaponiya Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi Xirokazu Matsuno Rossiyaning raketa sinovlariga norozilik bildirgan.
“Rossiyaning Shimoliy hududlarda harbiy ishtirokini kuchaytirishi mamlakatimiz pozitsiyasiga ziddir”, deya ta’kidlagan u.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning sentyabr oyida Rossiya Yaponiya bilan Kuril orollariga yapon fuqarolari – ushbu orollarning sobiq rezidentlari uchun osonlashtirilgan tashriflar bo‘yicha kelishuvni, shuningdek, o‘zaro sayohatlar tartibi to‘g‘risidagi shartnomani bekor qilgan edi. Bu ham rasmiy Tokioning noroziligiga sabab bo‘lgan. 2022 yilning oktyabr oyida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yaponiyaning Kuril orollari hududlarini “Rossiya Federatsiyasi bosqini ostida qolayotgan hududlar” deb atash haqidagi farmonni imzolagandi. 60 yildan buyon Kuril masalasida Yaponiyani qo‘llab kelgan Xitoy esa bu yil o‘z pozitsiyasini o‘zgartirib, betaraf ekanini e’lon qildi. Tahlilchilar fikricha, bu ham Rossiya va Xitoyni yanada bir-biriga yaqinlashtirdi.
Live
Barchasi