Rossiya G8'dan chiqarilmaganida hozir urush bo‘lmasdi – Tramp
Olam
−
17 iyun 5197 2 daqiqa
Kecha, 16 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp G7 sammitida Rossiyaning G8'dan chiqarilishini “katta siyosiy xato” deb atadi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp 16 iyun kuni Kanadada bo‘lib o‘tayotgan G7 sammiti doirasida qilgan chiqishida Rossiyani G8'dan chiqarish qarorini tanqid qilgan. Uning fikricha, 2014 yilda Rossiya “Katta sakkizlik”dan chetlatilmaganida, hozir Ukrainadagi urushning oldi olingan bo‘lar edi.
“Bu guruh avval G8 edi. Obama va Tryudo familiyali kishilar Rossiyani u yerdan haydashni istashdi. Menimcha, bu katta xato bo‘lgan. Agar Rossiya hamon G8'da bo‘lganida, bugungi urush bo‘lmas edi”, degan Tramp.
U shuningdek, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin faqat u bilan muloqot qilishini aytib, Putin G8'dan haydalishni juda qattiq tahqirlanish sifatida qabul qilganini qo‘shimcha qilgan.
Trampdan Rossiyani G7'ga qaytarish ehtimoli bor yoki yo‘qligi haqida so‘ralganda, u hozircha bu borada hech narsa deya olmasligini, ehtimol endi juda kechligi, ammo bu katta xato bo‘lganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Rossiya 1997 yilda G8 tarkibiga kiritilgan edi. 2014 yilda Qrim anneksiyasi va Ukraina sharqida urush boshlanganidan so‘ng G8 a’zolari Rossiyani bir tomonlama “sakkizlik”dan chiqargan edi. O‘shandan beri tashkilot G7 nomi ostida faoliyat yuritmoqda.
Tramp avval ham Rossiyani G7'ga qaytarishni taklif qilgan. 2020 yilda u bu tashabbusni “sog‘lom niyat” deb atagan bo‘lsa-da, Fransiya, Germaniya va Kanada kabi a’zo davlatlar bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlamagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya va AQSH yetakchilari Vladimir Putin va Donald Tramp telefon muloqotini o‘tkazgan edi.
Jaloliddin Rahmonov
Live
Barchasi