Rossiya Eronga yordam yuborishni boshladi
Olam
−
09:29 15474 2 daqiqa
Eron Rossiya va boshqa do‘st davlatlarga gumanitar yordam so‘rab murojaat qilgan va uni yetkazib berish ishlari allaqachon tashkil etilgan. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova xabar berdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili brifingda ta’kidlashicha, mamlakatda ko‘plab shifoxonalar va tez yordam stansiyalari vayron bo‘lgani, shuningdek yaralanganlar soni, jumladan ayollar va bolalar orasida ham ko‘pligi sabab Eron tomoni do‘st davlatlardan dori-darmon yuborishni so‘ragan.
Uning aytishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin topshirig‘iga binoan Rossiyadan Eron xalqi uchun zarur gumanitar yordam yuborish tashkil etilmoqda.
12 mart kuni Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi Eron aholisi uchun 13 tonnadan ortiq dori-darmon yuborilishini e’lon qilgan. Yuk Il‑76 harbiy-transport samolyoti orqali Ozarbayjonga yetkaziladi, shundan keyin u yerdan Eron vakillariga topshiriladi.
Qayd etish joiz, AQSH va Isroil 28 fevral kuni Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlagan. Bunga javoban Eron Yaqin Sharqdagi AQSH harbiy bazalari va neft tankerlariga zarbalar bermoqda.
Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 8 mart holatiga mamlakatda harbiy harakatlar boshlanganidan beri 1200 dan ortiq tinch aholi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Eronga AQSH harbiy kuchlarining joylashuvi va harakati haqida razvedka ma’lumotlari uzatayotgani haqida xabar berilgandi. Berilgan ma’lumotlarning katta qismi Rossiyaning sun’iy yo‘ldoshlari orqali olingan tasvirlardan iborat. Ularda AQSH qo‘shinlari, kemalari va harbiy samolyotlarining joylashuvi aks etgan.