Kurs UZS

USD

12 925.20

-11.96

EUR

13 982.48

45.28

RUB

152.58

-1.97

Rossiya Dneprga ommaviy dron hujumi uyushtirdi. Qurbonlar bor

Olam

image

Kecha, 28 mart kuni tunda Rossiya armiyasi Ukrainadagi Dnepr shahriga dronlar yordamida ommaviy hujum uyushtirdi – bu hafta ichida ikkinchi marta. Hujum oqibatida Bartolomeo mehmonxonasi ham zarba ostida qolgan. Shahar o‘qqa tutilishi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan, 20 dan ortiq kishi yaralangan. Bu haqda Dnepropetrovsk viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi. 

Lisakning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya viloyat markaziga 20 dan ortiq dron yuborgan (ularning 16 tasi urib tushirilgan). Bugun, 29 mart tongiga kelib shaharda to‘rt kishining halok bo‘lgani qayd etilgan.

“Jami 21 kishi jarohat olgan. Ularning eng yoshi 19 yosh, eng keksa jabrlanuvchining yoshi 74 da”, deb yozdi Lisak.

Bildirilishicha, shifoxonalarda 13 nafar jarohatlangan kishi qolmoqda, ular orasida 27 yoshli homilador ayol ham bor. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, dronlar Dnepr sohilidagi 4 yulduzli Bartolomeo mehmonxonasiga zarba bergan. Shundan so‘ng mehmonxona va uning yonidagi kema-restoranda yong‘in kelib chiqqan. Lisakning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida to‘rtta uy butunlay yonib ketgan, yana kamida 10 tasi zarar ko‘rgan. Dronlar bir nechta ko‘p qavatli uylar, o‘quv muassasasi, ma’muriy bino, omborxona, garajlar, o‘nlab avtomobillar va bir necha mototsikllarga zarar yetkazgan.

Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati Rossiya zarbasi keng ko‘lamli vayronagarchilik va yong‘inlarga olib kelganini tasdiqlagan. Mehmonxona-restoran majmuasi va turarjoylar bilan bir qatorda ikki yong‘in-qutqaruv texnikasi ham zarar ko‘rgan. Shuningdek, erta tongda Rossiya Dnepropetrovsk viloyatining Nikopol tumaniga hujum uyushtirgan. Kamikadze dronlari Marganets va Mejevskiy hududlariga zarba bergan, oqibatda bir uy tomi shikastlangan.

Ukraina Qurolli kuchlari havo qo‘shinlari hisobotiga ko‘ra, Rossiya umumiy hisobda 172 ta “Shahed” va dron-imitator yuborgan. Ulardan 94 tasini urib tushirishga muvaffaq bo‘lingan. Harbiylarning qayd etishicha, Rossiyaning hujumi oqibatida Dnepropetrovsk, Xarkov va Sumi viloyatlari zarar ko‘rgan.

Ma’lumot uchun, 27 mart kuni ham Dneprga hujum amalga oshirilgan edi. Shahar meri Boris Filatovga ko‘ra, o‘sha kuni urush boshidan buyon eng keng ko‘lamli o‘qqa tutishlardan biri sodir bo‘lgan. Kamida 20 ta ko‘p qavatli uy zarar ko‘rgan, shahardagi maktablardan birida oynalar sinib ketgan.

Eslatib o‘tamiz, 23 martga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga 147 ta dron va dron-imitatorlardan foydalangan holda hujum qilgan edi. Kiyevda Rossiya dronlarining yirik zarbasi oqibatida uch kishi halok bo‘lgan. Kiyevning Podolsk tumanida 25 qavatli turarjoy binosining 20-qavatidagi 20 kvadrat metr maydondagi yong‘in bartaraf etilgan. Goloseyev tumanida to‘rt qavatli ofis-ombor binosi yonib ketgan, yong‘in maydoni 2 ming kvadrat metrni tashkil etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Dnepr dron hujumi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing