Rossiya bosib olingan janubiy Ukrainada yana bir armiya tuzmoqda – Britaniya razvedkasi
Olam
−
21 avgust 2023 12695 1 daqiqa
Rossiya harbiy tuzilmalarini urush davri voqeliklariga qarab kengaytirmoqda. Shuning uchun ham yana bir yangi tuzilma – 18-qo‘shma qurolli armiya yaratilmoqda. Bu haqda Britaniya Mudofaa vazirligining Twitter'dagi sahifasida ma’lum qilindi.
Aytilishicha, yangi armiya shakillanishi hozirda Xerson viloyatida faoliyat yuritayotgan boshqa bo‘linmalarning, jumladan bosib olingan Qrimdagi Rossiya garnizonini tashkil etuvchi 22-armiya korpusining qo‘shilishi va mustahkamlanishi bilan bo‘lishi mumkin.
Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, yangi armiya asosan safarbar qilingan xodimlardan iborat bo‘lishi va Ukraina janubidagi mudofaa amaliyotlariga e’tibor qaratishi kutilmoqda.
"Rossiya, ehtimol, muhim hududlarda jang qilish uchun ko‘proq tajribali bo‘linmalarni safarbar qilishga intilmoqda. Bu yaqinda havo-desant qo‘shinlarining Xersondan shiddatli janglar davom etayotgan Orexovskiy sektoriga qayta joylashtirilishiga olib kelgan bo‘lishi mumkin", deyiladi Britaniya Mudofaa vazirligi xabarida .
Qayd etilishicha, Rossiya hukumati ko‘proq erkaklarni tezda armiyaga chaqirish uchun qonunga o‘zgartirish kiritishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Masalan, Davlat Dumasi harbiy xizmatga chaqirilishning eng yuqori yoshini 27 yoshdan 30 yoshga ko‘tardi, hozirgi pastki chegara – 18 yoshni saqlab qoldi. Bundan tashqari, zaxiraga chaqiriladiganlarning yuqori yosh chegarasi oshirildi, endilikda yuqori lavozimli ofitserlar 70 yoshgacha safarbar etilishi mumkin.
Live
Barchasi