Rossiya 7 ta chegara o‘tish punktini yopdi

Olam

image

Rossiya hukumati Finlyandiya, Estoniya va Latviya bilan yettita temir yo‘l chegara o‘tish punkti faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.

Qaror kecha, 1 iyuldan kuchga kirgan va unga muvofiq mazkur punktlar orqali yo‘lovchilar, transport vositalari hamda yuk poyezdlarining harakati to‘liq to‘xtatilgan.

Yopilgan 7 ta temir yo‘l o‘tish punktining 5 tasi Finlyandiya, 2 tasi esa Estoniya va Latviya bilan chegarada joylashgan. Rossiya hukumati hozircha ushbu cheklovlar joriy etilishining sabablari yoki ular qancha muddat amal qilishi haqida rasmiy izoh bermagan.

Shu bilan birga, Rossiyaning barcha temir yo‘l aloqalari uzilmagan. Estoniya bilan chegaradagi Ivangorod temir yo‘l o‘tish punkti hamda Latviya bilan chegaradagi Sebej o‘tish punkti o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Biroq Finlyandiya bilan chegaradagi barcha temir yo‘l o‘tish punktlari yopilgani sababli ikki davlat o‘rtasida temir yo‘l orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri qatnov va yuk tashish imkoniyati qolmagan.

Bu qaror Rossiyaning Finlyandiyaga temir yo‘l orqali amalga oshiradigan eksportiga ham ta’sir qiladi. Xususan, Rossiya Finlyandiyaga mineral o‘g‘itlarning bir qismini aynan temir yo‘l orqali yetkazib berib kelgan.

Ma’lumot uchun, Rossiya va Finlyandiya o‘rtasidagi chegara munosabatlari so‘nggi yillarda keskinlashgan. 2023 yil aprel oyida Finlyandiya NATOga a’zo bo‘lgach, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashgan. O‘sha yilning dekabr oyida esa Finlyandiya boshpana izlovchilar oqimi keskin ko‘payganini sabab qilib, Rossiya bilan sharqiy chegaradagi avtomobil va piyodalar o‘tish punktlarini noma’lum muddatga yopgan.

Hozircha Rossiyaning bu cheklovi vaqtinchalik ekani yoki doimiy tus olishi yuzasidan rasmiy ma’lumot berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada benzin va aviatsiya kerosini eksportiga vaqtinchalik to‘liq taqiq joriy etilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing