Rog‘un GES yetkazgan zarar qoplab berilishi aytildi
Olam
−
02 Oktabr 30322 3 daqiqa
Tojikistondagi Rog‘un GES qurilishi “Rog‘un GESi loyihasining yangilangan ekologik va ijtimoiy ta’sirini baholash”ga ko‘ra, atrof-muhit uchun “sof yo‘qotishlar bo‘lmasligi” sharti bilan amalga oshiriladi. Bu haqda “Asia-Plus” xabar berdi.
Hujjatda 185 gektar archa o‘rmoni va 77 gektar sel o‘rmonining yo‘qolishi boshqa hududlarni tiklash va muhofaza qilish chora-tadbirlari bilan qoplanishi lozimligi qayd etilgan.
Qayd etilishicha, hozirda birinchi bosqich – davlat idoralari, banklar, atrof-muhitni muhofaza qiluvchi tashkilotlar bilan kelishilgan chora-tadbirlar muhokama qilinmoqda.
Qayta tiklash uchun aniq hududlarni 2025-2030 yillar oralig‘ida tanlash rejalashtirilgan va amaliy ishlar 2031 yilda boshlanadi: muhofaza qilinadigan hududlarni yaratish, o‘rmonlarni tiklash va ekotizimlarni himoya qilish.
“Sof isrof yo‘q” dasturi doirasida uchta ustuvor yo‘nalish tanlandi:
- archa o‘rmonlarini tiklash va muhofaza qilish;
- qirg‘oq bo‘yidagi o‘rmonlarni tiklash va muhofaza qilish;
- mahalliy meva va yong‘oq o‘rmonlarini tiklash va himoya qilish (zaxira variant).
Yo‘qotilgan 262 gektar maydonning o‘rnini qoplash uchun 786 gektar o‘rmonlarni tiklash rejalashtirilgan – bu uch barobar ko‘pdir.
O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan 7599 gektar o‘rmonni qayta tiklash uchun allaqachon taklif qilingan bo‘lib, bu loyiha ehtiyojlarini to‘liq qoplaydi.
786 gektar maydonda o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha umumiy kapital xarajatlar 7,5 million dollardan, yillik xarajatlar (taklif qilinayotgan o‘rmonlarni saqlash uchun) esa 10,5 ming dollardan ortiq bo‘lishi kutilmoqda.
O‘rnatilgan quvvati 3780 MVt bo‘lgan Rog‘un GESi Markaziy Osiyodagi eng yirik gidroelektr stansiya bo‘ladi.
GES to‘liq ishga tushirilgach, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 14,5 milliard kVt/soatdan oshishi kutilmoqda.
Stansiyaning turbinali zali har birining quvvati 630 MVt bo‘lgan oltita blokdan iborat bo‘ladi. Yakuniy blok 2029 yilda ishga tushirilishi kutilmoqda.
Ayni paytda Rog‘un GESining 2018 va 2019 yillarda ishga tushirilgan ikkita agregati past quvvatda ishlamoqda.
Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rog‘un GESi 2024 yilda 1,22 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqargan. Bu Tojikistonda ishlab chiqarilgan umumiy elektr energiyasining 5,5 foizini tashkil etadi.
Rog‘un GES
Rog‘un GES Tojikistonning eng yirik energetika loyihasidir va u Vaxsh daryosida joylashgan. GES qurilishi dastlab 1976 yilda boshlangan, biroq SSSR parchalangach, to‘xtatilgan edi.
2016 yilda loyiha qayta tiklandi va u mamlakatning energetika siyosatida ustuvor yo‘nalishga aylandi.
Qurilish yakunlangach, Rog‘un GES Markaziy Osiyodagi eng yirik GES bo‘lib, 3600 MVt quvvatga ega bo‘ladi.
Tojikiston 2018 yildan buyon O‘zbekistonga elektr energiyasini, asosan vegetatsion mavsumda, ikki tomonlama kelishuvlar asosida yetkazib kelmoqda.
Yangi shartnoma ikki davlatning Markaziy Osiyo umumiy energiya tizimi doirasida chuqur energetik integratsiyaga intilayotganini aks ettiradi va butun mintaqada barqaror energiya ta’minotini ta’minlash uchun asos yaratadi.
Qayd etib o‘tish joizki, ushbu GESning qad rostlashiga O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qat’iy qarshilik bildirgan. Karimov bu loyiha haqida bir necha bor tanqidiy chiqishlar ham qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari Rog‘un GESdan 20 yil davomida elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Live
Barchasi