Robaxon Mahmudova Oliy sud raisi lavozimiga saylandi

Jamiyat

image

Bugun, 18 iyun kuni Robaxon Mahmudova besh yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi lavozimiga saylandi. Bu haqda Oliy Majlis Senati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Oliy Majlis Senati Kengashining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi lavozimiga kiritilgan nomzod ko‘rib chiqilgan.

Masala muhokamasi yakunida Oliy Majlis Senati Kengashining Robaxon Anvarovna Mahmudovani sudyalik lavozimida bo‘lishning muddatsiz davriga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi lavozimiga besh yil muddatga saylash to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan.

Ma’lumot uchun, Robaxon Anvarovna Mahmudova –O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashining raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Adolat” SDP fraksiyasi rahbari. 1958 yil 9 noyabrda Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. 1983 yilda Toshkent davlat universitetining “Huquqshunoslik” fakultetini tugatgan. Mehnat faoliyati davomida Farg‘ona viloyati Xalq qabulxonasi mudiri, Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari — ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimlarida ishlagan. 2023 yilda u “Adolat” partiyasidan navbatdan tashqari prezident saylovida ishtirok etgan va 4,43 foiz ovoz to‘plab, davlat rahbari etib qayta saylangan Shavkat Mirziyoyevdan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan. Saylovoldi kampaniyasi va saylovlar davrida uning sudyalik vakolatlari to‘xtatib turilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Baxtiyor Jahongirovich Islomov muddatidan oldin Oliy sud raisi lavozimidan ozod etilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Robaxon Mahmudova Oliy sud raisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing