Ombudsman Tovoqsoydagi koloniyada mahkumning o‘limi bo‘yicha qo‘shimcha axborot berdi

3-sahifa

image

Avvalroq, Tovoqsoydagi 7-sonli jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkum Mustafo Tursinboyev bir qavatli binoning devorlarini buzayotgan vaqtida devor qismi qulab, bosib qolishi oqibatida vafot etgani xabar qilingandi. Ombudsman ushbu holatni o‘z nazorati ostiga olganini bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 11 fevral kuni taxminan soat 16:10 da mahkum M.T. koloniya hududidagi eski oshxona binosida obodonlashtirish ishlariga jalb etilgan. Devorni buzish jarayonida ehtiyotsizlik sababli uning bir qismi mahkum ustiga qulagan, oqibatda u og‘ir tan jarohati olgan.

“Koloniya shifokorlari mahkumga zudlik bilan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatib, uni Bo‘stonliq tuman tibbiyot birlashmasining “Qo‘shma jarohatlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari” markaziga olib borishgan. Mahkumga ko‘p sonli travma, bosh miya yopiq jarohati, ko‘krak qafasi yopiq jarohati, travmatik shok III-bosqich, gemorragik shok III-bosqich, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, shifoxonada mahkumga jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Shifoxonada ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan mahkum 16 fevral kuni soat 17:00 da vafot etgan.

Ushbu holat Ombudsman Devoni xodimlari va Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqib o‘rganilgan. Shuningdek, Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili marhumning oila a’zolari bilan uchrashib, ularga ta’ziya bildirgan. Marhumning otasi Bo‘stonliq tuman tibbiyot birlashmasida 5 kun davomida o‘g‘lining yonida bo‘lgan.

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Xodimlar xatti-harakatiga baho berish bo‘yicha xizmat tekshiruvi ham tayinlangan.

“Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat yuborildi. Ombudsman mazkur holatni har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘rganish ta’minlanishini so‘raydi”, deyiladi Ombudsman bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, 15 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish departamentining Olmaliqdagi 14-sonli koloniyasidan 21 yashar mahkum Muhammadqodir Po‘latovning jasadi chiqqandi. Mazkur holat yuzasidan Ombudsman tomonidan Bosh prokuraturaga murojaat yuborildi.


Maqola muallifi

Teglar

koloniya mahkum Tovoqsoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing