Referendum: Qirg‘iziston fuqarolari prezidentlik boshqaruvini ma’qullamoqda
Olam
−
12 aprel 2021
3506Avval xabar berganimizdek, Qirg‘izistonda mahalliy hokimiyat organlariga saylovlar va Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum boshlangan edi. Qirg‘izistonning yangi Konstitutsiyasi loyihasi 79 foiz saylovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Bu haqda “MIR 24” xabar bermoqda.
Qirg‘iziston fuqarolarining deyarli 80 foizi yangi Konstitutsiyani qo‘llab-quvvatlagan. Buni Respublika Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlari tasdiqlaydi. Bu shuni anglatadiki, ovoz berganlarning aksariyat qismi prezidentlik boshqaruv shakli tarafdoridir. Qayd etilishicha, kecha, 11 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendumni haqiqiy deb hisoblash mumkin, chunki unda qatnashganlar soni saylovchilarning 37 foizidan oshgan.
“Umid qilamanki, bu saylov mamlakatdagi siyosiy vaziyatni barqarorlashtirishda boshlang‘ich nuqta bo‘ladi. Yana bir bor saylovchilarga minnatdorchilik bildiraman”, deydi Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari Ulugbek Karmishakov.
Qoidabuzarliklarga kelsak, Markaziy saylov komissiyasiga 50 ga yaqin shikoyat kelib tushgan. Ularning deyarli barchasi referendumlarga emas, mahalliy saylovlarga taalluqlidir. Shikoyatlar ovozlarni sotib olish, ma’muriy resurslardan foydalanish va boshqalardan iborat edi. Ularning ayrimlari uchun jinoyat ishlari ochilgan.
“Har bir ish alohida ko‘rib chiqiladi. Aybdorlar aniqlanadi. Ular saylov komissiyasi a’zolari yoki kuzatuvchilar bo‘ladimi, ahamiyati yo‘q. Qonunbuzarlikka qarab saylov yoki Jinoyat kodeksiga muvofiq choralar ko‘riladi”, deydi Qirg‘iziston MSK raisi o‘rinbosari Abdijapar Bekmatov.
Bugun, 12 aprel kuni xalqaro kuzatuvchilar saylov jarayoni haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Ularning deyarli barchasi ovoz berishga tayyorgarlik ko‘rish va saylov jarayonidan mamnun ekanliklarini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda 2020 yilning 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlaridan keyin, 7 foizlik minimum ovozni to‘play olmagan partiya tarafdorlari norozilik namoyishlarini boshladi. Bir necha kun davom etgan namoyish va tartibsizliklar ortidan Bosh vazir Kubatbek Boronov va uning Hukumati iste’foga chiqdi. Namoyishchilar davlat idoralarini egallab oldi.
Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.
O‘sha vaqtdagi Prezident Sooronbay Jeenbekov Bishkekda favqulodda holat joriy qildi va poytaxtga harbiylar kiritildi. Buning natijasida vaziyat biroz tinchidi. Ammo namoyishchilar Prezidentdan iste’foga chiqishini talab qildi. Natijada 15 oktyabrda Jeenbekov xalqiga qarata o‘q uzib, qon to‘kmaslik uchun iste’fo berdi.
Uning vazifasini vaqtincha bajarishi kerak bo‘lgan parlament spikeri Kanat Isayev bundan bosh tortdi. Natijada davlat rahbari vakolati namoyishlar ortidan Bosh vazir bo‘lgan Sadir Japarovga o‘tdi.
Sadir Japarov Qirg‘izistonda joriy yilning 10 yanvar kuni muddatidan oldin o‘tkazilgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi. U 28 yanvar kuni qasamyod keltirib, rasman Prezident lavozimida ish boshladi.
Bokirxon Qosimxonov
LiveBarchasi