“Real Madrid” himoyachisi ham “El-Klasiko”ni o‘tkazib yuborishi mumkin
Sport
−
17 Oktabr 2025 2180 2 daqiqa
“Real Madrid” himoyachisi Din Xyoysen jarohati sabab “Barselona”ga qarshi o‘yinda ishtirok etishi shubha ostida. Futbolchi “Vilyarreal”ga qarshi o‘yinda chap oyog‘i mushagida ortiqcha yuklanish tufayli kichik yorilishga uchragan. Bu haqda “Sport” nashri xabar berdi.
Dastlab u Ispaniya terma jamoasiga chaqirilgan edi, biroq jarohat aniqlangach, uch kundan so‘ng yig‘indan chetlatilgan. Klub xabariga ko‘ra, Xyoysenning tiklanish muddati taxminan ikki hafta etib belgilangan. Bu esa futbolchining “El-Klasiko”dan uch kun oldin mashg‘ulotlarga qaytishini anglatadi. Shunga qaramay, agar kichik yorilish to‘liq tuzalmagan bo‘lsa, futbolchining jarohati qaytalanish xavfi yuqori bo‘ladi. Shu sababli, u “Barselona”ga qarshi uchrashuvga 100 foiz tayyor holatda bo‘lmasligi mumkin.
Xyoysen “Real Madrid”ning “Xetafe” va “Yuventus”ga qarshi o‘yinlarini o‘tkazib yuboradi. Shuningdek, jarohatdan tiklanayotgan Antonio Ryudiger noyabr oyi o‘rtalarigacha safga qaytmaydi. Shu bois, Alonso himoya chizig‘ida uch markaziy himoyachi sxemani qayta sinab ko‘rishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Din Xyoysen joriy mavsumda La Liga doirasida hozirgacha 7 ta, barcha musobaqalarda jami 11 ta o‘yinda maydonga tushdi va bitta golli uzatma amalga oshirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Barselona” hujumchisi Robert Levandovskiy terma jamoada olgan jarohati sabab “El-Klasiko”ni o‘tkazib yuborishi haqida xabar berilgan edi.
Diyor Toshpo‘latov
Live
Barchasi