Ravshan Usmonov yana bir davlatga elchi etib tayinlandi
Olam
−
12 iyun 5616 2 daqiqa
O‘zbekistonning Irlandiyaga yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov (qarorgohi London shahrida joylashgan) mazkur davlat Tashqi ishlar va savdo vazirligi Protokol departamenti boshlig‘i Ralf Viktoriyga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Irlandiya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashildi. Savdo-iqtisodiy, madaniy va turizm sohalarida aloqalarni jadallashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika hamda qayta tiklanuvchi energiya sohalari istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Uchrashuv so‘nggida Irlandiya tomoni O‘zbekiston elchisiga ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va kengaytirish yo‘lidagi ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.
Ma’lumot uchun, Ravshan Usmonov Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti va Birmingem universiteti (Buyuk Britaniya)ni bitirgan.
2000 yildan tashqi siyosat bo‘limida ish boshlagan, markaziy apparatda va O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Keyin u Tashqi ishlar vazirligining Yevropa davlatlari va NATO bilan hamkorlik bo‘yicha direksiyasini boshqargan. Fransiyadagi elchi, shuningdek, Italiya va Portugaliyadagi o‘rindoshlik asosidagi elchi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 2018 yildan 2023 yilgacha Usmonov O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi bo‘lib ishlagan. U ayni paytda Buyuk Britaniyadagi elchi ham hisoblanadi. Shuningdek, yaqinda O‘zbekistonning Islandiyadagi birinchi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Maldiv Respublikasiga tayinlangan birinchi elchisi (qarorgohi Dehli shahrida joylashgan) Sardor Rustamboyev ushbu mamlakat Prezidenti Muhammad Muizzuga ishonch yorliqlarini topshirgandi.
Live
Barchasi