Rasman: “Paxtakor” OCHLning keyingi bosqichiga yo‘l oldi

Sport

image

Kecha, 17 fevral kuni Osiyo Chempionlar ligasi Elit turnirida so‘nggi tur o‘yinlari o‘tkazildi. Pley-off bosqichiga yo‘l olgan jamoalar nomi aniq bo‘ldi.

“Paxtakor” uchun eshiklar ochildi

Osiyo Chempionlar ligasi Elit turnirining so‘nggi 8-turida “Paxtakor” o‘z uyida Qatarning “Al-Sadd” klubini qabul qildi va 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yin yakunlanganidan keyin jamoa raqobatchilarining o‘yinini ham tugashini kutishga majbur bo‘ldi. Ammo sabrning tagi sariq oltin deyilganidek, “sherlar” kutganiga yarasha natijaga erishdi. Ya’ni “Paxtakor” bilan yonma-yon kelayotgan klublar, “Persepolis” va “Al-Garafa” durang va mag‘lubiyat qayd etdi. Aniqrog‘i, Eron klubi o‘z maydonida Saudiyaning “Al-Nasr” jamoasini qabul qilib, nursiz 0:0 hisobida durang qayd etdi. “Al-Garafa” esa mehmonda “Al-Ahli”ga 4:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ushbu ikki natijaning o‘zi esa “Paxtakor”ga keyingi bosqichga chiqish uchun yetarli bo‘ldi. 

Bugun, 18 fevral kuni OCHL Elit so‘nggi turi doirasida yana ikkita o‘yin bo‘lib o‘tadi. Peshqadamlar safida borayotgan “Al-Hilol” o‘z uyida “Al-Vasl”ga qarshi maydonga tushsa, “Al-Rayyan” Eronning “Istiqlol”ini qabul qiladi. Ushbu uchrashuvlar orasida “Al-Rayyan” - “Istiqlol” o‘yini natijasi turnir jadvalida o‘zgarish yasashi mumkin. Chunki agar “Istiqlol” g‘alaba qozonsa, eronliklarning ochkolar soni 9 taga yetadi va shunda ham “Paxtakor”ning o‘rniga ta’sir qilmaydi. “Istiqlol” g‘alaba qozonsa, yana bir Eron klubi “Persepolis” turnirni tark etadi. Sababi to‘plar nisbati toshkentliklarda yaxshiroq.

“Sherlar”ning navbatdagi raqibi kim bo‘ladi?

“Paxtakor”ning keyingi bosqichdagi raqibi nomi bugun aniq bo‘ladi. Turnir jadvalida 1- va 2-o‘rinni olgan klublar, “Al-Ahli” yoki “Al-Hilol” bo‘ladi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, “Al-Hilol” o‘z  uyida “Al-Vasl”ni qabul qiladi va agar g‘alaba qozonsa hamda “Al-Rayyan” o‘z uyida “Istiqlol”ni mag‘lub etsa, yoki yutqazsa “Paxtakor”ning yakuniy o‘rni aniq bo‘ladi. Ammo shunisi aniqki, “Al-Hilol” yoki “Al-Ahli”dan biri “sherlar”ning navbatdagi raqibi bo‘ladi.

“Paxtakor” qanday natijalar qayd etdi va qancha ishlab oldi?

Toshkent klubi Osiyo Chempionlar ligasi Elit turnirida 8 turda 1 g‘alaba, 4 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etdi. E’tibor berdingizmi? Guruh bosqichidagi 8 turda atigi birgina g‘alaba bilan “Paxtakor” keyingi bosqich masalasini hal qilmoqda. To‘plar nisbati esa, 4 ta gol urib, 6 tani o‘tkazib yuborgan. Bor-yo‘g‘i 4 ta gol yetarli bo‘ldi. 1/8 final bosqichi o‘yinlari 3-4 mart kunlari o‘tkaziladi. Klubning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori jihatidan olib qarasak, bu juda yomon natijadek ko‘rinadi. Ammo jamoa yangi mavsumga tayyorgarlik jarayonini qolgan o‘zbek jamoalaridan ko‘ra yaxshiroq o‘tkazdi, tarkib tubdan kuchaytirildi. Bir qancha legionerlar va klubning sobiq futbolchilari olib kelindi. Jamoaning maqsadi va harakati o‘tgan mavsumdagidan keskin farq qilmoqda. Buyog‘iga Superliga yangi mavsumi va OCHL Elit pley-off bosqichidagi natijalariga qarab, baho beriladi va xulosa chiqariladi.

“Paxtakor” guruh bosqichi doirasidagi ishtiroki uchun 800 ming dollar, “Al-Sadd”ni mag‘lub etgani uchun 100 ming dollar va 1/8 finalga yo‘l olgani uchun 200 ming dollar, umumiy 1,1 million dollar ishlab topdi.


Maqola muallifi

Teglar

Paxtakor Osiyo Chempionlar ligasi Elit Pley-off bosqichi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing