Rasman: Isroil Eronga zarbalarni to‘xtatdi
Olam
−
13:56 4150 2 daqiqa
Bugun, 8 aprel kuni Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) Eronga zarba berish to‘xtatilganini, biroq Livandagi “Hizbulloh” a’zolariga hujumlar davom ettirilishini ma’lum qildi. Bu haqda SAXAL matbuot xizmatining Telegram-kanalida xabar berildi.
SAXAL vakillari rasmiy bayonot chiqarib, unda Isroil Livandagi “Hizbulloh”ga qarshi operatsiyalarni davom ettirishini ko‘rsatib o‘tgan.
“Siyosiy rahbariyat ko‘rsatmalariga muvofiq, SAXAL Eronga qarshi o‘t ochishni to‘xtatdi va har qanday qoidabuzarliklarga javob qaytarish uchun yuqori shaylik holatida turibdi.
Shu bilan birga, Livanda SAXAL “Hizbulloh” tashkilotiga qarshi maqsadli quruqlikdagi operatsiyalarni o‘tkazishda davom etmoqda. Frontorti qo‘mondonligi vaziyatni doimiy baholab bormoqda. Mudofaa harakatlaridagi har qanday o‘zgarishlar haqida jamoatchilik xabardor qilinadi”, deyiladi xabarda.
Mamlakat aholisidan Frontorti qo‘mondonligi ko‘rsatmalariga muvofiq harakat qilishda davom etish so‘ralgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp AQSH va Eron Pokiston iltimosiga binoan 2 haftalik sulhga erishgani haqida e’lon qilgan edi. Tramp Eron Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq, darhol va xavfsiz ochishga rozi bo‘lishi sharti bilan Eronga qarshi bombardimon va hujumlarni ikki hafta muddatga to‘xtatishga rozi ekanini bildirgan. Shuningdek, u Erondan 10 banddan iborat taklif olganini va uni muzokaralar olib borish uchun maqbul asos deb hisoblashini qayd etgan.
Qayd etish joiz, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Eron va AQSH rozi bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish “Livanda va hamma joyda” amal qilishi kerakligini aytgandi. Biroq Isroil bu bayonotni rad etmoqda. Xususan, sulh e’lon qilingandan keyin ham Livan janubida joylashgan Al-Kalaila aholi punkti yaqinida Isroil droni tez yordam mashinasiga zarba berdi. Hujum oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi.
Live
Barchasi