Raisiyning fojiaviy o‘limi sababi ochiqlandi
Olam
−
20 may 2024 74154 2 daqiqa
Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy o‘tirgan vertolyotning qulashiga texnik nosozlik sabab bo‘lgan. Bu haqda Eronning IRNA agentligi xabar berdi.
Agentlik vertolyot bilan bog‘liq muammolarning mohiyatiga aniqlik kiritmagan.
Eronning Belarusdagi elchisi Alirizo Sanei esa Ibrohim Raisiy vertolyotining 19 may kuni "qattiq qo‘nishi"ga yomon ob-havo sharoiti sabab bo‘lganini aytdi. Elchining eslashicha, Ozarbayjondagi gidroelektr majmuasining ochilish marosimidan qaytayotgan Prezident vertolyoti halokatga uchragan tog‘li hududda “juda qalin tuman, hatto qor ham bor edi, ko‘rish imkoniyati minimal bo‘lgan”.
“Bu nima uchun bunday bo‘lganligining birinchi versiyasi. Shuning uchun qutqaruvchilar u yerga yetib borishlari uchun vaqt kerak bo‘ldi. Tegishli idoralar va mutaxassislar vaziyatni har tomondan ko‘rib chiqishlari, samolyot halokati sababi iqlim, texnik muammolar yoki qandaydir aralashuvlar bo‘lganini aniqlashlari kerak. Bu vaqt talab etadi. Ish ochgan maxsus guruh bor. Biz bu tadqiqotlar natijalarini kutmoqdamiz", dedi u.
19 may kuni Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida Eron Prezidenti o‘tirgan vertolyot halokatga uchradi. Unda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati hokimi Malik Rahmati va Tabriz shahrining imomi Muhammad Ali Ale Hoshem ham bo‘lgan. Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pir Husayn Kolivandning aytishicha, halokatda vertolyotning barcha yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan. Eron vitse-prezidenti Mohsin Mansuriy prezident va unga hamrohlik qilayotganlarning o‘limi haqidagi xabarlarni tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Eronning amaldagi vitse-prezidenti Muhammad Moxber vaqtinchalik Eron Prezidenti bo‘lishi ma’lum qilingandi. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bageri Kani esa sobiq tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon vafotidan keyin vaqtinchalik tashqi ishlar vaziri vazifani bajaruvchi etib tayinlandi. Mamlakat parlamenti Ichki ishlar qo‘mitasi raisi Muhammad Solih Jokar Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari kelasi 50 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerakligini aytdi. Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Prezident Ibrohim Raisiy va uning hamrohlari vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qildi. Marhumlar bilan vidolashuv marosimi ertaga, 21 may kuni Tabriz shahrida bo‘lib o‘tishi bildirildi.
Live
Barchasi