Rad qilingan o‘pich, Erdo‘g‘anning hiylasi va kutilmagan mehmon. NATO sammiti qanday o‘tdi?
Tahlil
−
09 iyul 6143 9 daqiqa
Tramp Turkiyaga o‘z tualeti bilan keldi. Prezidentni chiqindisini ham yashirib yurishga nima majbur qilyapti? Amerikaliklar nimadan qo‘rqdi?
Romantik davlat deb ta’riflanuvchi Fransiyaning prezidenti Emmanuel Makron Turkiya birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘anning qo‘lini o‘pmoqchi bo‘ldi. Ammo…
Italiyaning “temir xonimi” Jorja Meloni sammit mezboni Erdo‘g‘anga Tramp bilan bog‘liq maxfiy iltimos bilan chiqdi. Biz bu haqda gapirayotgan ekanmiz, demak, iltimosning siri allaqachon ochilib bo‘lgan. Xo‘sh, u nimani so‘radi?
Kutilmagan burilish. Kechagina xalqaro qidiruvda bo‘lgan qo‘mondon ham Anqaraga keldi! Suriyaning yangi rahbari Ahmad ash-Shara G‘arb razvedka rahbarlari va Erdo‘g‘an bilan yopiq eshiklar ortida nimalarni kelishib oldi?
NATO rahbarlarining rasmiy kechki ovqatida Erdo‘g‘an Yevropa mamlakatlariga musiqa orqali jiddiy signal yubordi. Psixologik bosimning ta’siri bo‘ldimi?
Sammitlar ko‘pincha quruq rasmiy bayonotlar, imzolangan bitimlar va zerikarli yakuniy deklaratsiyalardan iboratdek ko‘rinadi. Biroq xalqaro munosabatlarning haqiqiy tabiati ko‘pincha qizil gilamlarda, kechki ovqat paytidagi nigohlarda va protokol xatolarida namoyon bo‘ladi.
Anqarada bo‘lib o‘tgan NATO sammiti mudofaa strategiyalarini muhokama qilish barobarida, geosiyosiy ishoralarga boy eng shov-shuvli “kadr orti” voqealar maydoniga aylandi. G‘arb diplomatiyasining ramziy chegaralari va Turkiyaning o‘z tarixiy merosini namoyish etishi sammitda o‘ziga xos dramatik manzarani paydo qildi.
Sammitning eng ko‘p muhokama qilingan va internet tarmoqlarida ko‘p aylangan lahzalaridan biri, shubhasiz, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Turkiya birinchi xonimi Emine Erdo‘g‘an o‘rtasidagi vaziyat bo‘ldi. Makron o‘ziga xos g‘arbona yaqinlik va ehtirom belgisi sifatida Turkiya birinchi xonimining qo‘lini o‘pmoqchi bo‘ldi. Ammo Emine Erdo‘g‘an tezkor va vazmin harakat bilan qo‘lini mahkam tutib, Makronning labigacha yetib borishiga yo‘l qo‘ymadi. Holat atrofida har xil dunyoqarash egalarining fikrlar jangi ketmoqda.
Turk mediasi buni Emine Erdo‘g‘anning islomiy-milliy qadriyatlarga sodiqligi va g‘arbcha me’yorlardan yuqori turuvchi o‘ziga xos aslzodaligi sifatida olqishladi. Fransiya va g‘arb matbuoti esa bu voqeani Makronning diplomatik madaniyat xatosiga yo‘yiladigan “omadsiz urinishi” deb ta’rifladi. Ammo yana bir toifa “Turkiyada yoshi katta va hurmatli shaxslarning qo‘li o‘pilib, peshonaga surtiladi-ku” desa, ayrimlar “Yevropada haqiqiy jentlmenlikning belgilaridan biri shu qo‘lni o‘pish emasmidi?” deya eslatmoqda. Xalqaro tahlilchilarning ba’zilari esa umuman boshqa dunyo. Ular bu epizodda Fransiya va Turkiya o‘rtasidagi yillar davomida to‘planib qolgan yashirin siyosiy sovuqchilik va geosiyosiy raqobatning ramziy ifodasini ko‘rdilar. Ammo “aniq shunday” deb aytish mumkin bo‘lgan sabab hozircha ma’lum emas. Uni Makron va Emine xonimning o‘zlarigina biladi.
Dunyo siyosatchilari Anqaradagi NATO sammitiga tikilib turgan bir paytda, AQSH Prezidenti Donald Tramp Turkiya tuproqlariga shunchaki qadam bosmadi. AQSH rahbarining xavfsizlik va shaxsiy ehtiyojga oid buyumlari media nishoniga aylandi. Oq uy rahbari Turkiya poytaxtiga 1000 kishiga yaqin ulkan qo‘shin – maxfiy xizmat agentlari, razvedkachilar, harbiylar va texniklar armiyasi hamrohligida yetib keldi. Ammo ular haqida keyinroq.
Dunyo matbuotini o‘ziga qaratgan jihat shundaki, Tramp Anqaraga o‘z tualetini olib keldi! Ha, to‘g‘ri o‘qidingiz! Sammit kun tartibidagi eng kutilmagan va shov-shuvli detal – Tramp uchun Anqaraga maxsus olib kelingan shaxsiy hojatxona bo‘ldi. Aslida bu juda katta shov-shuv ko‘taradigan jihat emas. Bu shunchaki injiqlik yoki dabdababozlik ham emas, balki yuqori darajadagi josuslik urushining oqibatidir. Xorijiy davlatlar razvedkasi AQSH Prezidentining biologik namunalari orqali uning sog‘lig‘i, yashirin kasalliklari va tibbiy holati haqida o‘ta maxfiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritishga urinishi mumkin. Trampning DNKsi va salomatlik sirlari begona qo‘llarga tushmasligi uchun AQSH agentlari hatto uning hojatxonasini ham Vashington nazoratida ushlab turishga intilishdi! Ha, Trampning himoyasiga bu gal juda katta ahamiyat berildi.
Yana bir ma’lumot, shaxsiy hojatxonasi bilan safar qilish boshqa davlat prezidentlari faoliyatida ham kuzatilgan. Masalan, Putinda. Ya’ni bunday harakat xavfsizlik choralarining bir qismiga allaqachon aylanib bo‘lgan.
Oq uy rahbari Turkiyada harakatlanishi uchun olib kelingan shaxsiy xizmat avtomobillari orasida dunyodagi eng yaxshi himoyalangan limuzinlardan biri sifatida tanilgan “The Beast” ham bor. Taxminan 9–10 tonna og‘irlikdagi ushbu zirhli avtomobil kuchli portlashlar, raketa hujumlari hamda turli xavf-xatarlarga qarshi himoya tizimlari bilan jihozlangan. Avtomobilning zirhli eshiklari 20 santimetr atrofidagi qalinlikda bo‘lib, samolyot eshiklari darajasidagi himoyani ta’minlaydi. Bu mashina ichida Tramp o‘zini xuddi yadroviy bunkerda o‘tirgandek his qiladi.
Tramp Anqaraga Qatar tomonidan sovg‘a qilingan, qiymati 500 million dollarga baholanuvchi ulkan Boeing samolyotida kelganiga ham albatta to‘xtalamiz. Prezident foydalanadigan ushbu havo kemasi oddiy samolyot emas, balki zamonaviy aloqa markazi, ilg‘or mudofaa tizimlari va maxsus jihozlarga ega “uchuvchi shtab” hisoblanadi. Uning ichida prezident uchun alohida yotoqxona, mehmonlarni qabul qilish uchun lyuks xonalar, yig‘ilish zallari hamda zarurat tug‘ilganda parvoz davomida ham davlat boshqaruvini olib borish imkonini beruvchi maxsus aloqa tizimlari mavjud. Bu “uchuvchi saroy” Anqara aeroportidagi eng haybatli ramzga aylandi. Tramp Turkiyaga nafaqat siyosat qilish uchun, balki AQSHning mutloq imperiyaviy qudratini namoyish etish uchun kelganini har bir detalda isbotlashga harakat qilgandek!
Yana bir unutilmas kadr Beshtepe Prezidentlik majmuasida Donald Trampni kutib olish marosimida muhrlandi. Amerika yetakchisi qat’iy va dabdabali protokol talablari ostida kameralar qarshisida qayerda turish kerakligini bilmay, biroz adashib qoldi. Shunda Rajab Toyib Erdo‘g‘an vaziyatni o‘z qo‘liga olib, Trampni bilagidan tutdi va unga to‘g‘ri pozitsiyani ko‘rsatib, yo‘naltirdi. Bu epizod sammit oldidan Trampning: “Men NATO uchun emas, Erdo‘g‘anga bo‘lgan shaxsiy hurmatim tufayli bu yerga keldim” degan nutqi bilan parallel ravishda tahlil qilindi. Erdo‘g‘anning AQSH yetakchisini jismonan yo‘naltirishi – Turkiyaning ushbu sammitda shunchaki bir ishtirokchi emas, balki jarayonlarni boshqaruvchi mezbon ekanini vizual tarzda butun dunyoga ko‘rsatdi. Yevropa yetakchilari Vashingtonning kelajakdagi injiqliklaridan xavotirda turganda, Anqara AQSH bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va shaxsiy tilda gaplasha oladigan yagona kuch sifatida o‘z pozitsiyasini mustahkamladi.
Usmoniylar puhi Anqarada
Sammitning, shubhasiz, eng katta geosiyosiy bombasi rasmiy kechki ovqat paytida portladi. Turkiya Qurolli Kuchlarining tarixiy harbiy orkestri – Mehter jamoasi NATO davlatlari rahbarlari oldida an’naviy Usmoniy harbiy marshlarini ijro eta boshladi. Bu dabdabaga Donald Tramp bosh barmog‘ini ko‘tarib yuqori baho bergan bo‘lsa, Yevropa rahbarlarining yuzida jiddiy o‘ylanish va biroz hayrat alomatlari ko‘rindi.
Usmoniylar harbiy musiqasi tarixan dushmanga psixologik bosim o‘tkazish va g‘alabani e’lon qilish quroli bo‘lgan. Bu kuylar sadolari ostida turk qo‘shinlari vaqtida Vena darvozalari va Bolqonni, ya’ni bugungi NATO a’zolari bo‘lgan davlatlar yerlarini, Yevropa zaminlarini egallagan edi.
NATO yetakchilariga bu musiqaning eshittirilishi juda chuqur va o‘tkir ramziy ma’noga ega. Birinchisi, tarixiy ogohlantirish: Turkiya o‘z ittifoqchilariga shunchaki texnik hamkor emas, balki asrlarga teng imperiyaviy meros va harbiy qudrat egasi ekanini eslatib qo‘ydi. Ikkinchisi, muhtojlar kim ekanini urg‘ulash. Bugungi kunda Yevropa Rossiyadan kelayotgan xavflar qarshisida o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun NATOning qit’adagi eng katta armiyasiga – Turkiyaga muhtoj. Mehter marshi bilan xuddiki, “siz kecha ham bizga muhtoj edingiz, bugun ham xavfsizligingiz uchun bizga muhtojsiz”, degan yashirin xabarni yo‘llagandek. Bu dabdaba Erdo‘g‘anga g‘arb qarshisida bosh egmaydigan, mustaqil va buyuk yo‘lboshchi imijini o‘z mamlakati ichida yanada mustahkamlash imkonini berdi.
Anqaradagi NATO sammitining kadr orti jarayonlari xalqaro miqyosdagi haqiqiy “siyosiy drama” bilan boyidi! Bu safargi bosh qahramonlar – Italiyaning “temir xonimi” Jorja Meloni va AQSHning yetakchisi Donald Tramp! Ha, yana Tramp.
Gap shundaki, Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni sammit mezboni Rajab Toyib Erdo‘g‘anga mutloq maxfiy va favqulodda iltimos bilan chiqqan. Tushunganingizdek, endi buning maxfiyligi qolmagan.
NATO yetakchilarining 36-sammiti doirasidagi rasmiy suratga tushish marosimida Meloni Donald Tramp bilan bir kadrda, yonma-yon turishni mutloq istamagan va buni Erdo‘g‘andan iltimos qilgan.
Bu talab ortida esa ikki lider o‘rtasidagi shaxsiy mojaro yotibdi. Bungacha Tramp Fransiyadagi G7 sammiti paytida Meloni undan “suratga tushishni yalinib so‘ragani” haqida maqtanib chiqqandi. Italiya Bosh vaziri esa buni darxol rad etib, Amerika yetakchisining so‘zlarini “shunchaki uydirma va safsata” deb atagan. Xullas, mana shu voqeadan beri araz va gina hali yo‘qolgani yo‘q.
Xo‘sh, Erdo‘g‘an Italiya Bosh vazirining diplomatik xavotirlarini inobatga oldimi? Kameralar ob’ektivi bu savolga aniq javob berdi! Guruh bo‘lib tushilgan rasmda Meloni xonimi Trampdan iloji boricha uzoqroq nuqtada – Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanchesning yonida turganini ko‘rish mumkin.
Harbiy kiyimdan rasmiy kostyumga o‘tish
NATO sammitidagi dahanaki janglar va yashirin protokol urushlari fonida, Anqara aeroportiga yana bir kutilmagan, haqiqiy sensatsion figura qadam bosdi. Davlat to‘ntarishidan so‘ng Suriya boshqaruvini qo‘lga olgan va dunyo matbuoti diqqat markazida turgan Ahmad ash-Shara Turkiyaga keldi.
Yaqindagina xalqaro qidiruvda bo‘lgan, bugun esa Suriyaning amaldagi yetakchisiga aylangan ash-Sharaning sammit doirasida qabul qilinishi va uning uchrashuvlari Anqaradagi geosiyosiy taranglikni eng yuqori nuqtaga olib chiqdi. AQSH yetakchisi Donald Tramp har doimgidek pragmatikligini namoyish etdi. U ash-Sharaning kelishiga ortiqcha hissiyotlarsiz, aksincha, mintaqadagi yangi reallikni tan olgandek, o‘ziga xos qiziqish bilan qaradi. Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa bu qadam orqali Yaqin Sharqning taqdiri aynan Anqarada hal bo‘lishini butun dunyoga ko‘rsatdi. Suriya rahbarini NATO sammiti kabi yirik platforma arafasida qabul qilish – Turkiyaning mintaqadagi mutloq dominant kuch ekanidan dalolat.
Ash-Shara bu sammit doirasidan G‘arb dunyosiga o‘zining yangi, sivilizatsiyalashgan imijini ko‘rsatish uchun foydalandi. Harbiy kiyimdan diplomatik kostyumga o‘tdi. U xalqaro medianing nigohida o‘zini radikal tizim qo‘mondoni emas, balki mintaqada barqarorlikni ta’minlay oladigan, dunyoviy qonunlarga hurmat bilan qaraydigan rasmiy va legitim davlat arbobi sifatida taqdim etishga urindi.
Ash-Sharaning Anqaradagi bosh missiyasi sammit mezboni bilan uchrashish edi. Erdo‘g‘an bilan o‘tgan o‘ta maxfiy muloqotda ikki asosiy masala muhokama qilindi. Birinchisi – Qochqinlar mavzusi. Turkiyadagi millionlab suriyalik qochqinlarni xavfsiz va bosqichma-bosqich o‘z yurtiga qaytarish rejasi bo‘yicha fikr almashildi. Ikkinchi masala – xavfsizlikka qaratilgan bo‘lib, Suriya shimolidagi kurd qurolli tuzilmalariga qarshi Anqara va Damashqning birgalikdagi harbiy koordinatsiyasi atroflicha muhokama qilindi. Tabiiyki, ularning yakuni va xulosasi yopiq eshiklar ortida qoldi.
Sammitga AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya kabi davlatlarning nafaqat rahbarlari, balki razvedka rahbarlari ham kelgan edi. Ahmad ash-Shara va uning jamoasi ushbu xizmatlar vakillari bilan norasmiy uchrashuvlar o‘tkazdi. Unda asosan Suriyaga qo‘yilgan xalqaro sanksiyalarni yumshatish va xalqaro terrorizmga qarshi kurashda yangi Damashq hukumatining kafolatlari muhokama qilingan. Xulosa qilib aytganda, ash-Shara Anqarada NATO stoli atrofida o‘tirmagan bo‘lsa-da, o‘sha stol atrofidagilarning deyarli barchasi bilan o‘z masalalarini muhokama qilishga erishdi.
Anqara NATO sammitining kadr orti manzaralarini ko‘ra olganimizcha hikoya qildik. Balki, bundan-da boshqa va katta voqealar insonlar ko‘zidan uzoqda, kameralar ob’ektividan panada hal qilingandir. Buni bilmaymiz, ammo bir narsa aniq. Bugungi dunyo siyosati faqat qog‘ozlardagi raqamlar bilan o‘lchanmaydi. Sodir bo‘layotgan voqealar shunchaki tasodif emas. Vena eshiklarini eslatuvchi Usmoniylar harbiy marshigacha bo‘lgan har bir detal puxta rejalashtirilgan ramziy strategiyaning parchalari edi. Turkiya ushbu sammit orqali o‘z maydonida o‘z qoidalari bilan o‘yin ko‘rsatdi va G‘arb ittifoqchilariga kim bilan hisoblashish kerakligini yana bir bor eslatib qo‘ydi.
Live
Barchasi