Putin va Aliyev muzokarasidan so‘ng “Sputnik Ozarbayjon” direktori ozod qilindi
Olam
−
10 Oktabr 2025 6806 2 daqiqa
Joriy yilning iyun oyida Bakuda qo‘lga olingan “Sputnik Ozarbayjon” axborot agentligi ijrochi direktori Igor Kartavix ozod qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya tomoni ham o‘z hududida qo‘lga olingan Ozarbayjon fuqarolaridan birini qo‘yib yuborgan. Bu ma’lumotni Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov tasdiqladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qaror Prezidentlar yordamchilari darajasidagi muzokaralar natijasi bo‘lgan va ozod etish masalasi Rossiya hamda Ozarbayjon Prezidentlarining joriy yilning 9 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvi arafasida hal qilingan.
Qayd etish joiz, Igor Kartavix va “Sputnik Ozarbayjon” nashrining bir nechta xodimlari iyun oyi oxirida hibsga olingan edi. Ularning aksariyati keyinchalik “uydan chiqmaslik to‘g‘risida tilxat” bilan qo‘yib yuborilgan, biroq Kartavix va nashr bosh muharriri Yevgeniy Belousov hibsda qoldirilgan edi. O‘sha paytda bir qator Ozarbayjon OAVlari “Rossiyaning ikki agenti” qo‘lga olingani haqida xabar bergan, ammo Rossiya bu ayblovlarni rad etgan.
Ushbu voqealar Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi siyosiy keskinlik fonida yuz bergandi. Hammasi joriy yilning 27 iyun kuni Rossiyaning Yeketerinburg shahrida Ozarbayjon fuqarolariga qarshi o‘tkazilgan reyddan so‘ng boshlangan. Ushbu reyd davomida 2 nafar Ozarbayjon fuqarosi – aka-uka Safarovlar vafot etgandi. Buning ortidan Ozarbayjon davlat televideniyesi Rossiya Prezidentini keskin tanqid qildi. Mamlakatda Rossiya tomonidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha madaniy tadbirlar bekor qilindi hamda Milliy Majlis raisining birinchi o‘rinbosari Ali Ahmedov boshchiligidagi delegatsiya Moskvada bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Ozarbayjon va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning 23-yig‘ilishida ishtirok etmasligini bildirdi.
“Rossiya segodnya”ning yozishicha, Igor Kartavixning ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, u uy qamog‘iga o‘tkazilgan va hozirda u Bakuda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 9 oktyabr kuni uzoq tanaffus va taranglikdan so‘ng Vladimir Putin va Ilhom Aliyev uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv bugun, 10 oktyabr kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tadigan MDH sammiti arafasida o‘tkazildi. Uchrashuv davomida Putin o‘tkan yili dekabrda halokatga uchragan Ozarbayjonning AZAL samolyoti uchun kompensatsiya to‘lashini va bunda Rossiyaning aybi borligini tan oldi.