Putin Imomali Rahmonga rus tilini rivojlantirishga va’da berdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tojikistonda rus tiliga bo‘lgan e’tibor darajasini yuqori baholab, Rossiya Federatsiyasi bu tilni o‘rganishni rivojlantirishda davom etishini bildirdi. U bu haqda bugun, 21 noyabr kuni Kremlda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aytib o‘tdi.  

“Ta’kidlashni istardimki, Tojikiston Prezidenti [Imomali Rahmon] Tojikistonda rus tili va madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqda”, deydi Rossiya rahbari tojikistonlik mavqedoshi bilan uchrashuv yakunlarida. 

Putin mamlakatlar o‘rtasida gumanitar soha, madaniyat va ta’lim yo‘nalishlarida faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini urg‘uladi.

Putin Tojikistonda rus tili konstitutsiyaviy millatlararo muloqot tili maqomiga ega ekanligini eslatdi.  

“Rossiya uni o‘rganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga yordam berishga intiladi”, deydi Rossiya Prezidenti. 

Putinning bildirishicha, kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar chog‘ida Tojikiston Prezidenti rus tili o‘qituvchilarini bevosita Tojikistonda tayyorlash masalasini ko‘targan. 

“Albatta, [bu mamlakatda] rus tilini o‘rganishning keng ko‘lamini hisobga olsak, bu juda to‘g‘ri”, deya qo‘shimcha qilgan Putin.

Eslatib o‘tamiz, Vladimir Putin Moskvaga borgan Imomali Rahmonni “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotladi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 13 oktyabr kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlari sammitida rus tili Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida millatlararo til sifatida tan olindi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mazkur sammitga kelar ekan, Rossiyaning maqsadlaridan biri aynan mana shu ekanini yashirmagan. U 12 oktyabr kuni, hali sammit boshlanmasidanoq MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida rus tilining maqomini oshirishni muhokama qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Imomali Rahmon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing