Putin bir yil ichida ikkinchi marta Kurskka bordi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 20 may kuni Kursk viloyatiga tashrif buyurib, gumanitar shtabda ko‘ngillilar bilan uchrashdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

“Anchadan beri sizning oldingizga kelishni, ishlaringiz haqida suhbatlashishni, sizlarga minnatdorlik bildirishni, bu ishlar qanday tashkil etilganini bilishni va tabiiyki, shunday holatlarda tug‘iladigan savolni – yana qanday yordam kerakligi, qanday qo‘llab-quvvatlash lozimligini so‘rashni istagandim”, degan u uchrashuv avvalida.

Bundan tashqari, Putin mahalliy hokimiyat rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazgan, shuningdek, viloyat gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksandr Xinshteyn bilan uchrashgan hamda Kurschatov shahridagi qurilayotgan Kursk AES-2 ob’ektini ko‘zdan kechirgan.

Xinshteyn Prezidentdan chegaradosh hududlardan majburan evakuatsiya qilingan aholi uchun har oylik 65 ming rubl miqdoridagi to‘lovlarni “hech bo‘lmaganda odamlar o‘z uylariga qaytish imkoniga ega bo‘lgunlariga qadar” uzaytirishni so‘ragan. Uning ta’kidlashicha, hozirda hududlarni minalardan tozalash ishlari davom etmoqda. Viloyat rahbari, shuningdek, yashash uchun yaroqsiz holga kelgan uy-joylarni ta’mirlash uchun federal byudjetdan yordam choralarini ko‘rishni ham so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, Putin Kursk viloyatiga oxirgi marta joriy yilning 12 mart kuni borgan edi. O‘shanda u harbiy kiyimda Kursk harbiy guruh boshqaruv punktlaridan birida yig‘ilish o‘tkazgan. Yig‘ilishda Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov viloyatda Ukraina qurolli kuchlarining qurshab olingani haqida hisobot bergandi.

Ukraina qurolli kuchlari Kursk viloyatiga hujumni o‘tgan yili 6 avgust kuni boshlagan edi. Bir necha kundan so‘ng o‘sha paytdagi viloyat rahbari Aleksey Smirnov ukrainalik harbiylar nazoratiga 28 ta aholi punkti o‘tganini, taxminan 180 ming kishi evakuatsiya qilinganini, shulardan 121 ming nafari o‘z ixtiyori bilan ketganini ma’lum qilgan.

Harbiy harakatlar davomida Rossiya Mudofaa vazirligi 59 aholi punkti, jumladan, ukrainaliklar tomonidan yagona egallangan shahar – Sudjani ozod etilganini bildirgan. Joriy yil 26 aprel kuni vazirlik Ukraina qurolli kuchlari viloyatdan to‘liq siqib chiqarilganini e’lon qilgan. Gerasimov bu boradagi yordam uchun Shimoliy Koreya harbiylariga minnatdorlik bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Kursk Aleksandr Xinshteyn Kursk AES-2

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing