Prokurorlar Yun Sok Yolga o‘lim jazosi so‘radi
Olam
−
13 yanvar 3768 2 daqiqa
Bugun, 13 yanvar kuni Seul Markaziy okrug sudi hay’ati maxsus prokurori Cho In Sokning jazo bo‘yicha talabini tinglash uchun qo‘shimcha majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda prokurorlar Janubiy Koreya sobiq prezidenti Yun Sok Yolga mamlakatda noqonuniy harbiy holat joriy etgani uchun o‘lim jazosini so‘radi. Tergov, shuningdek, unga “dushmanga ko‘maklashish” bo‘yicha ayblovlarni ham ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Yonhap News” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, mazkur ish bo‘yicha sudlanuvchilar orasida sobiq prezident bilan birga yana yetti nafar shaxs bor. Joriy yilning 9 yanvar kuni sud majlisi vaqtincha to‘xtatilgandi. Bunga sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon advokatlarining hujjatli dalillarni o‘rganishga sakkiz soat sarflagani sabab bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Yun Sok Yol Janubiy Koreyada qamoqda saqlangan holda ayblov e’lon qilingan ilk amaldagi prezident bo‘ldi. U sobiq mudofaa vaziri va boshqa shaxslar bilan til biriktirib, konstitutsiyaviy tuzumni izdan chiqarish maqsadida isyon uyushtirishda ayblanmoqda.
2024 yil 3 dekabr kuni Yun Sok Yol favqulodda murojaat bilan chiqib, mamlakatda harbiy holat joriy etilganini e’lon qilgan. U bu qarorni “Shimoliy Koreyaga moyil, davlatga qarshi kuchlarga qarshi turish zarurati” bilan izohlagan. Konservatorlar bu atama bilan Shimoliy Koreya bilan muloqotni qo‘llab-quvvatlovchi “Toburo” muxolifat partiyasini nazarda tutadi. Keyinchalik Milliy Assambleya bu qarorni bekor qilib, Yunni lavozimidan chetlatgan.
Shuningdek, nashr 2025 yilning noyabr oyida Yun Sok Yolga yangi ayblovlar qo‘yilgani haqida yozgan. Ular orasida “dushmanga ko‘maklashish” moddasi ham bor bo‘lib, u Shimoliy Koreyaga uchuvchisiz uchish apparatlari yuborilgani bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 9 yanvar kuni Seul sudida Yun Sok Yolga nisbatan 2024 yilda harbiy holat joriy etishga urinish bo‘yicha qo‘zg‘olon uyushtirganlik aybi bilan olib borilayotgan ish doirasidagi yakuniy sud majlisi boshlangandi.
2025 yilning 26 dekabr kuni esa sobiq prezident Yun Sok Yol faoliyatini tergov qilayotgan maxsus prokuratura jamoasi unga nisbatan 10 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini so‘ragandi.
Live
Barchasi