Prezidentning qizi otasiga ovoz bermaslikka chaqirdi
Olam
−
20 Sentabr 7866 2 daqiqa
Afrika qit’asida joylashgan Kamerun Respublikasining amaldagi prezidenti Pol Biyyaning yagona qizi Brenda Biyya ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Kamerun aholisini otasiga ovoz bermaslikka chaqirdi. Bu haqda “African News” xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 27 yoshli Brenda Biyya Shveysariyada turib video olgan va unda ota-onasi bilan barcha aloqalarni uzganini, oilasi unga yomon munosabatda bo‘lganini va uning o‘limini xohlayotganini aytgan. Shuningdek, u Kamerun aholisini kelasi oyda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda sakkizinchi marta qatnashayotgan 92 yoshli otasi Pol Biyyaga ovoz bermaslikka chaqirgan.
Brendaning so‘zlariga ko‘ra, dunyoning eng keksa rahbari bo‘lgan otasi Pol Biyya o‘zining 43 yillik boshqaruvi davomida Markaziy Afrika mamlakatida qashshoqlik, ishsizlikni kuchayishiga sababchi bo‘lgan va xalqini azob-uqubatlarga duchor qilgan.
“Umid qilamanki, bizda boshqa prezident bo‘ladi. Men Pol Biyyaga ovoz bermayman”, degan Brenda ijtimoiy tarmoqqa joylagan videoda.
Ma’lumot uchun, 92 yoshli Biyya 1982 yildan beri prezidentlik qiladi. Kamerunda prezidentlik saylovlari 2025 yil 12 oktyabrga belgilangan va bir turda o‘tkaziladi. Oddiy ko‘pchilik ovoz olgan nomzod g‘alaba qozonadi. Prezidentlik muddati 7 yil.
2008 yilda Biyya prezidentlik muddatini cheklashni olib tashladi, bu esa unga cheksiz muddatga o‘z nomzodini qo‘yish imkonini berdi. U 2018 yilda bo‘lib o‘tgan so‘nggi saylovlarda muxolifatning keng tarqalgan qonunbuzarliklar haqidagi da’volariga qaramay, 71,28 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan edi.
Biyyaning o‘tmishdoshi, Kamerunning birinchi prezidenti bo‘lgan Ahmadou Babatur Ahidjo 1982 yilda sog‘lig‘i sababli iste’foga chiqqandi. U 22 yil davomida davlatni boshqargan.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi