Prezident yoqilg‘i narxini nazorat qilishni buyurdi
Jamiyat
−
17:15 2933 3 daqiqa
O‘zbekistonda neft-gaz resurslarini asossiz ushlab turish, sun’iy taqchillik yuzaga keltirish va narxlarni oshirishga qaratilgan holatlarning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatiladi. Bu haqda bugun, 11 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev neft-gaz bozorida barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga uglevodorod resurslarini uzluksiz yetkazib berish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishishi chog‘ida mutasaddilarga topshiriq berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatda sanoat quvvatlari kengayib, aholi ehtiyojlari ortib borayotgani tabiiy gaz va neft mahsulotlariga talabni oshirmoqda. Bunday sharoitda ichki bozorni zarur resurslar bilan barqaror ta’minlash, mavsumiy ehtiyojlarni oldindan hisobga olish va narxlarning asossiz o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim ahamiyatga ega.
Taqdimotda neft va gaz qazib chiqarish, import qilish, qayta ishlash, zaxiralash hamda iste’molchilarga yetkazib berish holati ko‘rib chiqilgan. Tarmoqlar va hududlar ehtiyojini aniq hisob-kitob qilish, ichki talabni ustuvor ta’minlash va yetkazib berish grafiklariga qat’iy rioya etish zarurligi ta’kidlangan.
“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida tabiiy gaz qazib chiqarish sur’atlarini barqaror saqlash, mavjud konlar imkoniyatidan samarali foydalanish va yangi quduqlarni o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilingan.
Avgust oyida 27 ta quduqni ishga tushirish rejalashtirilgan. “Yangi Kultak”, “Niyoz”, “Qoratau”, “Marvarid” va “Tegirmon” konlaridagi ishlar hisobiga qo‘shimcha 887 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Quduqlarni burg‘ilashdan tortib, ularni gaz uzatish tarmog‘iga ulashgacha bo‘lgan jarayonlarni kunlik nazoratga olish, elektr ta’minoti va ishlab chiqarish infratuzilmasining uzluksiz ishlashini ta’minlash muhimligi ta’kidlangan.
Neft va gazni qayta ishlash korxonalarini xomashyo bilan bir maromda ta’minlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish hamda ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Uglevodorod resurslarini hududlarga o‘z vaqtida va yetarli hajmda yetkazib berish, zarur zaxiralarni oldindan shakllantirish hamda ishlab chiqaruvchi, tashuvchi va sotuvchi korxonalar faoliyatini o‘zaro muvofiqlashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Narxlar barqarorligini saqlash uchun bozorda yetarli taklifni ta’minlash, mahsulotlarni birja savdolariga talabdan kelib chiqib chiqarish, ishlab chiqarish va logistika xarajatlarini qisqartirish muhimligi ta’kidlangan. Resurslarni asossiz ushlab turish, sun’iy taqchillik yuzaga keltirish va narxlarni oshirishga qaratilgan holatlarning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatish topshirilgan.
Ichki bozorda talab va taklif muvozanatini saqlash, uglevodorod resurslari ta’minotida uzilishlarga hamda narxlarning asossiz o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatiga neft va gaz qazib chiqarish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarini so‘zsiz ta’minlash vazifasi qo‘yilgan. Suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini yil yakuniga qadar rejadagi 520 ming tonna o‘rniga 606 ming tonnaga yetkazish topshirilgan.
Mutasaddilarga ichki bozor ehtiyojini kunlik tahlil qilib borish, ta’minot bilan bog‘liq xavflarni oldindan aniqlash va zarur choralarni o‘z vaqtida ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Energetika vazirligiga tarmoqda yagona va samarali boshqaruv tizimini shakllantirish, soha korxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini tizimli tashkil etish vazifalarini yuklagan edi.
Live
Barchasi