Prezident tanqidi ortidan prokuraturadagi faxriylar nafaqaga kuzatildi
Jamiyat
−
07 fevral 12819 1 daqiqa
Bugun, 7 fevral kuni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev rahbarligida prokuratura organlarida ko‘p yillar davomida halol va fidokorona xizmat qilgan xodimlarni nafaqaga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Bosh prokuror so‘zga chiqib, faxriy xodimlarning qonun ustuvorligini mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish yo‘lidagi xizmat faoliyatini e’tirof etdi hamda ularning kasbiy mahorati va boy hayotiy tajribasi yosh xodimlar uchun ibrat ekanini ta’kidlagan.
Marosim davomida faxriylarga minnatdorlik so‘zlari bildirilib, ularga sog‘lik-salomatlik, oilaviy xotirjamlik va farovon hayot tilaklari izhor etilgan.
“Bunday tadbirlar prokuratura organlarida xizmat qilgan xodimlarni e’zozlash, kasb nufuzini oshirish hamda avlodlar vorisiyligini ta’minlashga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida kuchishlatar tizimlarda 300 dan ortiq nafaqa yoshidagilar rahbar lavozimida faoliyat olib borayotgani, bundan 135 nafari prokuratura organlariga to‘g‘ri kelishi aytilgan edi.
Live
Barchasi